JD.com kompaniyasi Pekinda 24 soat ishlaydigan robot-qahvaxona ochdi

JD.com kompaniyasi Pekinning Galaxy SOHO savdo markazida robot xizmat ko‘rsatadigan, sutkasiga 24 soat ishlaydigan 7Fresh Coffee qahvaxonasini ochdi. Aqlli antropomorf robot bir soatda 202 ta qahva tayyorlay oladi, ichimlikni buyurtma asosida 20–30 soniyada tayyorlaydi va bir vaqtning o‘zida 7–8 ta buyurtmani qayta ishlaydi. Qahvaxona 16 avgust kuni ish boshlagan bo‘lib, dunyodagi birinchi 24 soat ishlaydigan to‘liq avtomatlashtirilgan kofexona sifatida ta’riflangan.
JD.com kompaniyasi Pekinda tashrif buyuruvchilarga robot xizmat ko‘rsatadigan 7Fresh Coffee nomli 24 soatlik qahvaxona ochdi. Bu haqda Global Times gazetasi xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, kurtka va quloqchin taqqan aqlli antropomorf robot Pekindagi Galaxy SOHO savdo markazida sutkasiga 24 soat ishlaydi va bir soatda 202 ta qahva tayyorlash imkoniyatiga ega. Ta’kidlanishicha, ushbu muassasa dunyodagi birinchi 24 soat ishlaydigan to‘liq avtomatlashtirilgan kofexona hisoblanadi. U 16 avgust kuni mijozlar uchun o‘z eshiklarini ochgan.
Robot qahva tayyorlashning barcha jarayonini o‘zi amalga oshiradi: donlarni maydalash, espressoni ekstraksiya qilish, ichimlikni aralashtirish, quyish va mijozga taqdim etishgacha bo‘lgan jarayonning barchasi avtomatik tarzda bajariladi.
Ichimlikni tayyorlash uchun atigi 20–30 soniya vaqt ketadi. Ishlab chiqarish liniyasi bir vaqtning o‘zida 7–8 ta buyurtmani qayta ishlash imkoniyatiga ega. Ma’lum qilinishicha, robot savdo markaziga tashrif buyuruvchilarning darhol e’tiborini tortgan va kofexonaga uzluksiz buyurtmalar kelishiga sabab bo‘lgan.
Qahvadan tashqari, 7Fresh Coffee gazlangan suv, choy va probiotik sharbatlarni o‘z ichiga olgan turli xil ichimliklarni ham taklif qiladi. Kofexona kelgusida iste’molchilarning sog‘lig‘i holatini hisobga olgan holda kofein iste’moli bo‘yicha shaxsiy tavsiyalar beradigan sun’iy intellekt funksiyasini joriy etishni rejalashtirmoqda.
Ayni paytda mijozlar buyurtma berish jarayonida ichimlikning shirinlik darajasi va quvvatini yuqori aniqlikda mustaqil ravishda tanlashlari mumkin.






























Izohlar 0
…