O‘rgimchak chaqishi oqibatida komaga tushgan erkak 42 kg ozdi

Buyuk Britaniyalik Piter Merfi zaharli o‘rgimchak chaqishidan so‘ng nekrotik fassitga chalinib, to‘rt kun komada yotdi va to‘rtta jarrohlik amaliyotini boshdan kechirdi. Sog‘ayib chiqqach, u turmush tarzini o‘zgartirishga qaror qilib, 42 kilogramm vazn yo‘qotdi. Merfi va uning turmush o‘rtog‘i to‘yimli ingliz nonushtasi, tort, kabob, sendvich va chipsdan voz kechib, muntazam badminton o‘ynay boshladi.
Buyuk Britaniyalik Piter Merfi zaharli o‘rgimchak chaqishidan so‘ng og‘ir ahvolga tushib, bir necha kun komada yotdi. Biroq u hayot uchun kurashib, sog‘ayib chiqqanidan keyin turmush tarzini tubdan o‘zgartirishga qaror qildi. Og‘ir kasallik va yaqinlarining vafoti uni hayotiga boshqacha nazar bilan qarashga undadi.
Need to Know nashrining yozishicha, Merfi bir kuni yotog‘ida tanasi shaffof skeletga o‘xshash, ko‘zlari qizil tusdagi g‘alati o‘rgimchakni ko‘rgan. U hasharotni ehtiyotkorlik bilan ushlab, tashqariga chiqarib yuborishga uringan. Biroq o‘rgimchak uni chaqib olgan.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Merfining qo‘li shishib, qizara boshlagan. Bir necha kun ichida esa uning ahvoli shu qadar og‘irlashganki, u odatdagidek gapira olmay qolgan.
Kasalxonada shifokorlar unga nekrotik fassit tashxisini qo‘ygan. Bu to‘qimalarning juda tez zararlanishi va o‘lishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan og‘ir bakterial infeksiya hisoblanadi.
Merfi to‘rt kun komada yotgan va shu davrda to‘rtta jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan. Uning hayoti jiddiy xavf ostida qolgan.
Uning xotirasida qolgan so‘nggi voqealardan biri shifokorlarning turmush o‘rtog‘iga aytgan gaplari bo‘lgan. Tabiblar infeksiya qo‘l bo‘ylab yuqoriga tarqalsa, uni kesib tashlashga majbur bo‘lishlari mumkinligini ogohlantirgan.
«O‘sha paytda butun hayotim ko‘z oldimdan o‘tdi», — deydi Merfi.
Og‘ir kasallik bilan kurashish jarayonida uning akasi va opasi ham vafot etgan. Sog‘ayib, kasalxonadan chiqqanidan keyin Merfi hayotini o‘zgartirishga qat’iy qaror qildi.
U avvaldan ortiqcha vazn muammosi bilan kurashib kelgan edi. Kasalxonadan chiqqach, yana vazni ortib ketdi. Shundan keyin u o‘z salomatligiga jiddiy e’tibor qaratib, ozishga qaror qildi va natijada 42 kilogramm vazn yo‘qotdi.
Bu jarayonda unga turmush o‘rtog‘i ham katta yordam berdi. Juftlik birgalikda to‘yimli ingliz nonushtasi, tort, kabob, sendvich va chipsdan voz kechdi. Shuningdek, muntazam ravishda badminton o‘ynashni odat qildi.
Merfining o‘zgarishidan ruhlangan turmush o‘rtog‘i ham sog‘lom turmush tarziga o‘tib, 22 kilogramm vazn tashladi.
Hozirda Piter Merfi boshidan kechirgan og‘ir voqeani hayotidagi katta burilish nuqtasi sifatida baholaydi.
«O‘zgarish uchun hech qachon kech emas», — dedi u.






























Izohlar 0
…