Grenlandiyada muzlar erishi ortidan yuzlab kitlar paydo bo‘ldi

Grenlandiyada muzlar erishi ortidan yuzlab kitlar paydo bo‘ldi
Qisqacha

Grenlandiya sharqiy sohillarida dengiz muzlarining erishi natijasida gorbatiy kitlar, mink kitlari va finvallarning yuzlab vakillari ilgari kira olmagan suvlarda oziqlanmoqda. Olimlar bu jarayonni iqlim o'zgarishi, dengiz haroratining ko'tarilishi va ozuqa miqdorining ortishi bilan bog'lamoqda, uch turdagi kit yozgi mavsumda kamida 800 ming tonna baliq va krill iste'mol qilishi mumkin.

Grenlandiya sharqiy sohillarida dengiz muzlarining tobora yo‘qolib borishi ulkan kitlarga ilgari kirish imkoni bo‘lmagan hududlarga ko‘chib o‘tish uchun sharoit yaratmoqda. Bu xulosa bir necha o‘n yil davomida olib borilgan tadqiqot natijalariga asoslangan. Olimlar shu davr mobaynida dunyodagi eng yirik kitlarning yuzlab vakillarini kuzatib, tasvirga olgan.

Tadqiqotda gorbatiy kitlar, mink kitlari va finvallar kabi yirik dengiz sutemizuvchilari yoz oylarida Grenlandiya sohillari yaqinidagi muzdan xoli suvlarda oziqlanayotgani qayd etilgan.

Aslida, bu dengiz sutemizuvchilari tarixan mazkur hududda uchramagan. Sababi ular muz qatlami tufayli sohilga yaqin suvlarga kira olmagan. Biroq iqlim o‘zgarishi natijasida dengiz harorati ko‘tarilib, muzlar erishi bilan kitlar yangi sharoitga moslasha boshlagan.

Olimlar bu holatni Arktikada mavsumiy «oziqlanish avji» sifatida ta’riflamoqda. Mutaxassislarning fikricha, bu Sharqiy Grenlandiya okean muhitida yuz berayotgan katta o‘zgarishlarning bir qismi hisoblanadi.

Grenlandiya Tabiiy resurslar instituti professori Xayde-Yorgensen BBC News nashriga mintaqadagi o‘zgarishlar «subarktikaning istalgan joyida kuzatish mumkin bo‘lgan eng keskin o‘zgarishlardan biri» ekanini aytdi.

Kitlar issiq suvlarga ko‘chgan baliqlar bilan oziqlanmoqda

Muzliklar fonida suv yuzasida kitning dumi ko‘rinib turibdi.

Olimlarning ta’kidlashicha, mazkur o‘zgarishning asosiy sabablaridan biri dengiz haroratining ko‘tarilishi va ozuqa miqdorining ortishi hisoblanadi. Kitlar Grenlandiyaning ilib borayotgan suvlariga ko‘chib o‘tgan baliqlar bilan oziqlanayotgan bo‘lishi mumkin.

Tadqiqotchilar hisob-kitobiga ko‘ra, ushbu uch turdagi kit yozgi oziqlanish mavsumi davomida kamida 800 ming tonna baliq va krill iste’mol qilishi mumkin.

Shu bilan birga, tadqiqot mazkur o‘zgarish kitlar soni umumiy ravishda ko‘payganini anglatadimi yoki ular boshqa hududlardan ko‘chib kelgani natijasimi — bu masalaga hozircha aniqlik kiritmagan.

BBC bilan suhbatlashgan boshqa ekspertlar esa tadqiqot natijalari G‘arbiy Grenlandiyadan kitlar oqimi kuchayganini ko‘rsatishi mumkinligidan xavotir bildirgan. Bu Grenlandiya uchun nozik masala hisoblanadi, chunki mamlakatda ayrim kit turlari ovlanadi.

Shunga qaramay, olimlar tadqiqot natijalari ushbu «imkoniyatdan foydalanuvchi» kitlar o‘zgarib borayotgan muhitga moslashayotganini va hatto yangi sharoitdan foyda ko‘rayotgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatayotganini ta’kidlamoqda.

Ayrim Arktika hayvonlari esa hududini yo‘qotmoqda

Biroq iqlim o‘zgarishi barcha Arktika jonzotlari uchun birdek ijobiy natija bermayapti.

Professor Xayde-Yorgensenning ta’kidlashicha, narvallar va beluxalar kabi ayrim turlar hozir «qiyin ahvolda». Ular yangi hududlarga kirib kelayotgan boshqa kitlar bilan bir xil yashash makonidan foydalanishga majbur bo‘lmoqda yoki hatto o‘z yashash hududlaridan siqib chiqarilmoqda.

«Ayrim turlar uchun iqlim o‘zgarishi albatta muammo emas — u yangi imkoniyatlar ochadi. Ammo boshqa turlar o‘z yashash muhitini yo‘qotmoqda», — dedi professor Xayde-Yorgensen.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar