Minglab odamlar 400 tonnali qal’ani joyiga qaytardi

Yaponiyaning shimolidagi Xirosaki shahrida yuzlab ko‘ngillilar 400 tonnali Xirosaki qal’asi minorasini 11 yil avval ko‘chirilgan asl joyiga qaytarish uchun birlashdi. Ular asrlardan beri qo‘llanib kelayotgan an’anaviy usuldan foydalanib, ulkan inshootni inson kuchi yordamida asta-sekin siljitmoqda.
Shanba kunidan boshlab taxminan 80 kishidan iborat guruhlar navbat bilan arqonlarni tortib, qal’aning uch qavatli yog‘och minorasini bir necha santimetrdan harakatlantirmoqda. So‘nggi jarayonda xorijliklar ham ishtirok etgan bo‘lib, jami 4 mingga yaqin kishi minorani qariyb 5 metrga asl joyi tomon siljitishga hissa qo‘shgan.
Minora 2015 yilda uni qo‘llab turgan tosh devorlarni ta’mirlash uchun 80 metrga ko‘chirilgan edi. Tarixiy inshootni buzib qismlarga ajratmaslik maqsadida muhandislar uni butun holicha ko‘tarib, metall relslar orqali vaqtinchalik platformaga joylashtirgan.
Qal’a va tarix ishqibozi 46 yoshli Azusa Nimiya esa Yaponiyaning Simane hududidan maxsus kelib, ko‘chirish ishlariga qo‘shildi. U bu jarayonni «umrda bir marta beriladigan, qimmatli va betakror xotira» deb atadi.
Mahalliy hokimiyat sentyabr oyida og‘ir texnika yordamida ko‘chirishni yakunlashni, minorani esa noyabr oyida doimiy ravishda poydevoriga o‘rnatishni rejalashtirmoqda. Tom va fasadlar qayta tiklangandan so‘ng qal’ani jamoatchilik uchun to‘liq ochish 2033 yilga mo‘ljallangan.
Asrlardan qolgan an’ana davom etmoqda
Mazkur jarayon «xikiya» deb ataladigan, Yaponiyada inshootlarni inson kuchi bilan ko‘chirishga xizmat qilgan qadimiy usulga asoslangan. Loyiha rahbari Kensuke Xayasaka bu usul orqali odamlarga tarixni nafaqat o‘rganish, balki uni amalda his qilish imkoni yaratilayotganini ta’kidladi.
Xirosaki qal’asi minorasi XVII asrda yashin zarbasi tufayli vayron bo‘lgan va XIX asr boshlarida qayta qurilgan. Keyinchalik tosh poydevorlar mustahkamligi bilan bog‘liq xavotirlar sabab minora ko‘chirilgan va 1915 yilda asl joyiga qaytarilgan.
Bu safargi ishlar ham tarixiy inshootni saqlab qolish va uni qorli mavsumdan oldin poydevoriga mustahkam o‘rnatishga qaratilgan.
Ko‘chirishda ishtirok etganlar orasida 82 yoshli Katsumӣ Terada ham bor. U 11 yil avvalgi ko‘chirishda ham qatnashgan. Terada o‘shanda minoraning qayta joyiga qaytarilishini ko‘rishgacha yashashiga shubha qilganini, ammo hozir ham sog‘-salomat ekanini aytdi.
Shu tariqa, Xirosakidagi 400 tonnali tarixiy minorani qaytarish jarayoni nafaqat qayta tiklash ishlari, balki avlodlarni birlashtirgan noyob tarixiy voqeaga aylanmoqda.






























Izohlar 0
…