San-Fransiskoda mashinist uxlab qolib, boshqa poyezdga urildi (video)

San-Fransiskoda mashinist uxlab qolib, boshqa poyezdga urildi (video)

San-Fransiskoda Muni yengil temiryo‘l poyezdi mashinisti boshqaruv vaqtida uxlab qolgani aks etgan video tarqaldi. Shundan so‘ng poyezd yo‘lda turgan boshqa Muni poyezdiga borib urilgan.

Hodisa 31 iyul kuni ertalab 47-avenyu va Vavona ko‘chasi chorrahasi yaqinida, San-Fransisko hayvonot bog‘i shimolida sodir bo‘lgan. Video yozuvda mashinist bir necha soniya davomida mizg‘ib qolgani, so‘ng to‘satdan uyg‘onib, oldindagi poyezdga yaqinlashib qolganini anglagani ko‘rinadi.

To‘qnashuv oqibatida poyezdning old oynasi chilparchin bo‘lgan. Hodisa paytida har ikki poyezd ham yo‘lovchilarsiz bo‘lgan. Mashinist esa yengil jarohat olgani haqida xabar berilgan.

San-Fransisko munitsipal transport agentligi (SFMTA) dastlabki tekshiruvda poyezd yoki temiryo‘l infratuzilmasidagi texnik nosozliklar hodisaga sabab bo‘lmaganini bildirgan. Dastlabki xulosaga ko‘ra, to‘qnashuv mashinistning charchagani sababli yo‘l qo‘yilgan xatosi bilan bog‘liq.

Ayni paytda hodisa yuzasidan rasmiy tekshiruv davom etmoqda. Mashinist vaqtincha poyezd boshqarish vazifasidan chetlatilgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar