Qizini 13 yil enagaga tashlab ketgan er-xotin ota-ona huquqidan mahrum qilindi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Xitoyning Shansi provinsiyasida qizini 13 yil enaga qaramog‘ida qoldirgan er-xotin ota-onalik huquqidan mahrum etildi.
- 2012-yilda tug‘ilgan qizning ota-onasi 2014-yildan boshlab uni tarbiyalashdan voz kechgan va hatto xarajatlari uchun pul yuborishni ham to‘xtatgan.
- Ota-ona qizning hayoti va tarbiyasi bilan deyarli qiziqmagani, shuningdek, rasmiy hujjatlarsiz qolganligi sababli uning ta’lim va ijtimoiy huquqlari cheklangan.
Xitoyning Shansi provinsiyasida qizini 13 yil davomida enaga qaramog‘ida qoldirgan er-xotin sud qarori bilan ota-onalik huquqidan mahrum etildi. Qizni yillar davomida tarbiyalab kelgan ayol esa uning rasmiy vasiysi etib tayinlandi. Bu haqda Wccdaily xabar berdi.
Qiz 2012 yilda tug‘ilgan. Oradan ko‘p o‘tmay, uning ota-onasi bolaga qarash uchun Chjan familiyali enaga yollagan. 2014 yilda esa juftlik qizni o‘zlari tarbiyalay olmasligini bildirib, enagadan uni vaqtincha Shansidagi uyiga olib ketishni so‘ragan.
Biroq oradan vaqt o‘tib, bolani yana o‘z qaramog‘iga qaytarishga urinishlar natija bermagan. Enaga qizni ota-onasiga olib borishga bir necha marta harakat qilgan, ammo ular bolani qabul qilishdan bosh tortgan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, 2017 yilgacha ota-ona qizning xarajatlari uchun vaqti-vaqti bilan pul yuborib turgan. Keyin esa bu to‘lovlar ham butunlay to‘xtatilgan. Shu bilan birga, ular qizning hayoti va tarbiyasi bilan deyarli qiziqmay qo‘ygan.
Qiz rasmiy hujjatlarsiz qolgan
Ota-ona tomonidan bolaning qaramog‘i rasmiy tarzda rasmiylashtirilmagani sababli qiz 13 yil davomida yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘ta olmagan.
Bu holat uning ta’limi va boshqa ijtimoiy huquqlariga ham ta’sir ko‘rsatgan. Qiz maktabda to‘liq rasmiy maqomga ega bo‘lmay, ijtimoiy sug‘urtasiz qolgan. Natijada u hatto yuqori sinfga kirish imtihonlarini topshirish uchun talab etiladigan ayrim rasmiy jarayonlardan o‘ta olmagan.
Muammo chuqurlashgach, enaga prokuraturaga murojaat qilgan. Uning da’vosi qo‘llab-quvvatlangan va ish sudgacha yetgan.
Sud bolaning xohishini ham inobatga oldi
Sud jarayonida qiz ko‘p yillar davomida Chjan bilan birga yashagani, uning oilasini o‘z yaqinlaridek qabul qilgani va aynan shu uyda qolishni istashi aniqlangan.
Shundan so‘ng sud biologik ota-onani ota-onalik huquqidan mahrum qilish haqida qaror chiqargan. Qizni yillar davomida parvarish qilgan enaga esa uning rasmiy vasiysi etib tayinlangan.
Qarordan keyin mahalliy idoralar ham bolaga zarur hujjatlarni rasmiylashtirish va uning huquqiy maqomini tiklash jarayonida yordam ko‘rsatgan.
Bundan tashqari, qizini qarovsiz qoldirgan ota va ona ham javobgarlikka tortilgan. Ular olti oy muddatga axloq tuzatish nazoratiga hukm qilingan.
Shu tariqa, 13 yil davomida enaga qo‘lida tarbiyalangan qiz endi uning rasmiy vasiyligida qoladi.






























Izohlar 0
…