12 yoshli Pokémon blogeri saraton bilan kurashdan so‘ng vafot etdi

AQSHda Pokémon haqida kontent tayyorlab, ijtimoiy tarmoqlarda katta auditoriya to‘plagan 12 yoshli Avery Garcia saraton bilan qariyb sakkiz yil davom etgan kurashdan so‘ng vafot etdi.
Internetda Avery the Poke Kid nomi bilan tanilgan bola 18 sentyabr, juma kuni soat 19:00 da hayotdan ko‘z yumgan. Uning ota-onasi Christian Garcia va Rebecca Rosa-Valentin og‘ir xabarni ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum qildi.
Ota-onasining bildirishicha, Avery yaqinda palliativ yordam muassasasiga o‘tkazilgan edi. U kichik yoshda oshqozon osti bezida uchraydigan kamyob o‘sma — to‘rtinchi bosqichdagi pankreatoblastoma tashxisini olgan.
Vashington shtatidagi Everett shahrida istiqomat qiluvchi oila farzandi bilan hali bir necha oy birga bo‘lishlariga umid qilgan. Biroq 18 sentyabr kuni uni odatiy tibbiy ko‘rik uchun shifoxonaga olib borishgan va vaziyat kutilganidan ancha tez o‘zgargan.
Oila Avery bilan bog‘liq xotiralarni shifoxonaning u sevgan joylaridan biri — tomdagi bog‘da o‘tkazganini ma’lum qildi.
Avery'ga 2019 yilda pankreatoblastoma tashxisi qo‘yilgan. Uning hayotini saqlab qolish maqsadida murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Operatsiya natijasida oshqozon osti bezi, o‘t pufagi, taloq, o‘n ikki barmoqli ichak, jigarning yarmi, oshqozonning bir qismi va ingichka ichakning bir necha futi olib tashlangan.
Shundan keyin bolaga doimiy tibbiy yordam zarur bo‘lgan. U avval ham ikki marta palliativ yordam muassasasida davolangan.

Shunga qaramay, Avery o‘zining sevimli mashg‘uloti — Pokémon kartalarini to‘plash va ular haqida videolar tayyorlashdan katta zavq olgan. So‘nggi bir yil ichida u Pokémon paketlarini ochish va kolleksiyasini namoyish qilishga bag‘ishlangan videolari orqali katta auditoriyaga ega bo‘ldi.
Uning Instagram, YouTube, TikTok va Facebook platformalaridagi umumiy obunachilari 600 mingdan oshgan.
Avery o‘z qiziqishini boshqa bolalarga yordam berish uchun ham ishlatgan. U shifoxonada davolanayotgan bolalarga Pokémon kartalarini olib borib, ular bilan bo‘lishgan.
Sentyabr oyi boshida esa Avery yana bir katta orzusiga erishib, YouTube'da 100 ming obunachiga yetgan.
Ota-onasi farzandi bilan qariyb sakkiz yil davomida birga kurashganini ta’kidlab, uning vafotidan keyingi og‘ir davrda yaqinlari bilan birga qolishni xohlayotganini bildirgan.
Ular, shuningdek, Avery'ning ijtimoiy tarmoqlardagi kuzatuvchilariga minnatdorlik bildirib, ular farzandiga katta quvonch va qo‘llab-quvvatlov berganini aytgan.
Oila bu og‘ir kunlarda shaxsiy hayotiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni so‘ragan. Ular uchun Avery'ning ota-onasi bo‘lish hayotlaridagi eng katta baxt va sharaflardan biri bo‘lganini ta’kidlagan.






























Izohlar 0
…