Ona qornidagi chaqaloqqa murakkab operatsiya qilindi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Xitoylik shifokorlar ona qornidagi 22 haftalik chaqaloqning o‘pkasidagi 5 santimetrlik o‘smani maxsus igna va mikroto‘lqinli texnologiya yordamida muvaffaqiyatli yo‘q qildi.
- Ushbu murakkab operatsiya homilaning hayotini saqlab qolishga yordam berdi va chaqaloq to‘rt oylik bo‘lganida sog‘lom holatda bo‘lib chiqdi.
- Bu amaliyot ona va homila tibbiyoti sohasida muhim yangilik hisoblanadi.
Xitoyda shifokorlar hali ona qornida bo‘lgan chaqaloqning o‘pkasidagi 5 santimetrlik o‘smani maxsus igna yordamida muvaffaqiyatli yo‘q qildi. Bu amaliyot homilaning hayotini saqlab qolishga yordam bergan. Bu haqda «South China Morning Post» xabar berdi.
Qayd etilishicha, Shenchjen va Gonkong shifokorlaridan tashkil topgan tibbiy jamoa 40 yoshli ayolning 22 haftalik homilasida o‘pka to‘qimasining g‘ayritabiiy rivojlanishi — CPAM aniqlanganidan so‘ng operatsiya o‘tkazishga qaror qilgan.
Tekshiruvlar vaqtida o‘sma homilaning o‘ng ko‘krak qafasini deyarli to‘liq egallab olgani ma’lum bo‘lgan. U yurak va o‘pkaga kuchli bosim o‘tkazgan. Bundan tashqari, homilaning qorin bo‘shlig‘ida ham suyuqlik to‘plangan.
Odatda bunday holatlarda shifokorlar qorin bo‘shlig‘ida yig‘ilgan suyuqlikni chiqarish yoki o‘smani oziqlantirib turgan asosiy qon tomirini berkitish usulidan foydalanadi. Ammo bu holatda o‘sma ko‘plab mayda kistalardan tashkil topgan va uning markaziy qon tomiri mavjud bo‘lmagan. Shu sababli odatiy davolash usullari kutilgan natijani bermagan.
Shundan so‘ng tibbiy jamoa boshqa, murakkabroq usulni qo‘llashga qaror qilgan. Yuqori aniqlikdagi real vaqt rejimida ishlovchi UZI nazorati ostida maxsus ablyatsiya ignasi ona qorni, bachadon devori va homilaning ko‘krak qafasi orqali o‘smaning markazigacha yetkazilgan.
Shundan keyin maxsus igna orqali mikroto‘lqinli texnologiya ishga tushirilib, o‘sma to‘qimasi kuchli harorat ta’sirida ichkaridan yo‘q qilingan. Faol isitish jarayoni bor-yo‘g‘i ikki daqiqa davom etgan. Bu vaqt davomida shifokorlar homilaning sog‘lom a’zolariga zarar yetmasligini sinchiklab nazorat qilib turgan.
Operatsiyadan atigi uch kun o‘tib, tekshiruvlarda o‘smaning hajmi sezilarli darajada kichraygani aniqlangan. Shu bilan birga, homilaning qorin bo‘shlig‘ida to‘plangan suyuqlik ham yo‘qolgan.
Keyinchalik homiladorlik muvaffaqiyatli davom etgan. Homiladorlikning 37-haftasida chaqaloq kesarevo kesish orqali dunyoga kelgan. Uning tug‘ilgan paytdagi vazni 2,9 kilogrammni tashkil etgan. Chaqaloq Apgar shkalasi bo‘yicha eng yuqori — 10 ball bilan baholangan.
Ma’lum bo‘lishicha, chaqaloq to‘rt oylik bo‘lganida ham o‘zini yaxshi his qilgan va unda hech qanday kasallik alomatlari kuzatilmagan. Shuningdek, unga qo‘shimcha jarrohlik amaliyoti o‘tkazishga ehtiyoj ham qolmagan.
Shifokorlarning ta’kidlashicha, mazkur muvaffaqiyatli amaliyot ona va homila tibbiyoti sohasida muhim yangilik bo‘lib, bu yo‘nalishda yangi bosqichni boshlab berishi mumkin.






























Izohlar 0
…