Kaliforniyada nihoyatda kam uchraydigan holat: ayol homilani qorin bo‘shlig‘ida ko‘tarib, sog‘lom farzandli bo‘ldi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Kaliforniyada 41 yoshli ayol bachadon tashqarisida, aynan qorin bo‘shlig‘ida homiladorlikni ko‘tarib, sog‘lom chaqaloqni dunyoga keltirdi.
- Ayol tuxumdonidagi kista va muntazam bo‘lmagan hayz sikli tufayli homiladorlikni sezmagan, vaziyat tuxumdon kistasini olib tashlash uchun shifoxonaga borganida aniqlangan.
- Tibbiyotda juda kam uchraydigan ushbu holatda shifokorlar ona va bolani saqlab qolish uchun murakkab jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli o‘tkazishgan.
2025 yil dekabr oyida AQSHning Kaliforniya shtatida tibbiyotda nihoyatda kam uchraydigan holatlardan biri qayd etildi. 41 yoshli ayol homilani bachadon ichida emas, balki qorin bo‘shlig‘ida ko‘tarib, sog‘lom chaqaloqni dunyoga keltirdi.
Ayol bir necha yil davomida tuxumdonidagi katta kista bilan yashagan. Qorin hajmining kattalashishi ham homiladorlik bilan emas, aynan kista bilan bog‘langan. Hayz siklining muntazam bo‘lmagani esa homiladorlik ehtimolini sezmaganining sabablaridan biri bo‘lgan.
Vaziyat 2025 yil dekabr oyida, ayol tuxumdonidagi kistani olib tashlatish uchun shifoxonaga murojaat qilganida aniqlangan. Dastlabki tekshiruvlarda homiladorlik alomatlari aniqlangach, shifokorlar qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazgan.
Tekshiruv natijalari esa mutaxassislarni hayratda qoldirgan: bachadon bo‘sh bo‘lgan, homila esa undan tashqarida — qorin bo‘shlig‘ida rivojlangan. Bu holat qorin bo‘shlig‘i homiladorligi deb ataladi va bachadondan tashqari homiladorlikning eng kam uchraydigan shakllaridan biridir.
Odatda bunday homiladorliklar jiddiy xavf tug‘diradi. Chunki bachadondan tashqaridagi to‘qimalar homilaning normal rivojlanishi uchun yetarli sharoit va qon ta’minotini ta’minlay olmaydi. Bundan tashqari, ona uchun kuchli ichki qon ketishi kabi hayot uchun xavfli asoratlar yuzaga kelishi mumkin.
Ammo mazkur holatda homila deyarli to‘liq muddatgacha rivojlanib, omon qolgan. Shifokorlar ona va bolani saqlab qolish uchun murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan. Operatsiya davomida kistani olib tashlash bilan birga, chaqaloq ham dunyoga keltirilgan. Amaliyotda turli tibbiy yo‘nalishlardagi mutaxassislardan iborat jamoa ishtirok etgan. Shifoxona ma’lumotlariga ko‘ra, jarrohlikdan keyin ona va chaqaloqning ahvoli barqaror bo‘lgan.































Izohlar 0
…