Homila yo‘ldoshini qarishga qarshi ukollar uchun sotishgan guruh fosh etildi

Homila yo‘ldoshini qarishga qarshi ukollar uchun sotishgan guruh fosh etildi
Qisqacha

Pokistonda inson homila yo‘ldoshini noqonuniy yig‘ib, qarishga qarshi qimmatbaho ukollar tayyorlash uchun xorijga jo‘natib kelgan xalqaro jinoiy tarmoq fosh etildi. Mamlakat Federal tergov agentligi tomonidan Islomobodda o‘tkazilgan reydlar davomida besh nafar gumonlanuvchi qo‘lga olinib, noqonuniy sexdan 500 kilogrammga yaqin homila yo‘ldoshi topildi. Shuningdek, aeroportda Vetnamga yuborilishi rejalashtirilgan 100 kilogrammlik shubhali yuk to‘xtatib qolindi.

Pokistonda inson homila yo‘ldoshini noqonuniy ravishda yig‘ib, qayta ishlab xorijga jo‘natish bilan shug‘ullangan xalqaro jinoiy tarmoq fosh etildi. Mamlakatning Federal tergov agentligi (FIA) mazkur holat yuzasidan surishtiruv ishlarini olib bormoqda.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchilar turli shifoxonalardan har oy taxminan 200 kilogramm homila yo‘ldoshini sotib olib, uni quritgan va qayta ishlab xorijga eksport qilgan. Islomobodda o‘tkazilgan reyd davomida noqonuniy sexdan 500 kilogrammga yaqin inson homila yo‘ldoshi topilgan, besh nafar gumonlanuvchi qo‘lga olingan.

Shuningdek, Islomobod xalqaro aeroportida Vyetnamga yuborilishi rejalashtirilgan 100 kilogrammlik shubhali yuk ham to‘xtatilgan. Tergovchilarning ta’kidlashicha, u ham inson homila yo‘ldoshidan iborat bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, gumonlanuvchilar har bir homila yo‘ldoshini taxminan 800 rupiydan sotib olgan. Keyin esa ulardan qarishga qarshi qimmatbaho ukollar tayyorlangan. Bitta shunday ukolning qiymati 700 ming rupiygcha yetgani aytilmoqda.

Tergovchilar jinoiy tarmoq faqat poytaxt bilan cheklanmagani, balki boshqa yirik shaharlarda ham faoliyat yuritgan bo‘lishi mumkinligini bildirmoqda. Shu munosabat bilan ayrim shifoxonalar, chiqindini qayta ishlash kompaniyalari va boshqa mas’ullarning ehtimoliy aloqadorligi ham tekshirilmoqda.

Pokiston qonunchiligiga ko‘ra, inson a’zolari yoki to‘qimalarini tijorat maqsadida noqonuniy sotish va qayta ishlashda aybdor deb topilganlar 10 yilgacha qamalishi hamda yirik miqdorda jarimaga tortilishi mumkin.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, homila yo‘ldoshi yuqumli tibbiy chiqindi hisoblanadi va uni yo‘q qilish qat’iy nazorat ostida amalga oshiriladi. Ayrimlar uning tarkibidagi moddalar qarishga qarshi ta’sir ko‘rsatishi mumkin deb hisoblaydi, biroq bu boradagi ilmiy dalillar hali ham bahsli hisoblanadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar