Xitoylik erkak tomog‘ida sakkiz yil metall tayoqcha bilan yashadi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Xitoylik 46 yoshli Van ismli erkak sakkiz yil davomida tomog‘ida qolib ketgan 12 santimetrlik metall cho‘p bilan yashadi.
- Yaqinda kuchli og‘riqlar sabab shifoxonaga murojaat qilgan bemor, doktor Xuan Veypen boshchiligidagi tibbiyot xodimlari tomonidan og‘iz orqali amalga oshirilgan kam jarohatli jarrohlik usuli bilan ushbu begona jismdan xalos bo‘ldi.
- Shifokorlar bunday holatlarda darhol tibbiy yordamga murojaat qilish zarurligini ta’kidlab, jamoatchilikni ogohlantirdi.
Xitoyning Dalyan shahrida yashovchi 46 yoshli erkak tomog‘ida qolib ketgan 12 santimetrlik metall cho‘p bilan sakkiz yil yashagan. Yaqinda kuchli og‘riq sabab shifokorlarga murojaat qilgan erkak nihoyat begona jismdan xalos bo‘ldi. Bu haqda Dalyan shahar markaziy shifoxonasi xabar berdi.
Van ismli bemor tomog‘idagi kuchli og‘riq va begona jism bordek sezilishidan shikoyat qilgan. Rentgen tekshiruvida shifokorlar uning tomog‘ida 12 santimetrlik metall buyum borligini aniqlashgan. Erkak esa sakkiz yil avval ovqatlanayotganda metall cho‘pni tasodifan yutib yuborganini aytgan.
Hodisadan keyin uning bo‘ynida bo‘g‘ilish hissi va vaqti-vaqti bilan tomoq og‘rig‘i kuzatilgan, biroq nafas olishi qiyinlashmagan. Shifokorlar dastlab noqulaylikni yengillashtirishga harakat qilishgan. Ammo cho‘pni olib tashlash uchun bo‘yinni kesish talab etilgani va operatsiya xavflari borligi sabab Van jarrohlikdan voz kechgan.
Keyingi sakkiz yil davomida u vaqti-vaqti bilan seziladigan yengil og‘riqqa ko‘nikib yashagan. Biroq yaqinda, ayniqsa, ertalablari tomog‘i qattiq og‘riy boshlagan. Og‘riq qoldiruvchi dorilar ham yordam bermagach, u shifoxonaga shoshilinch murojaat qilgan.
Shifokorlar metall cho‘pni kesmasdan olib tashladi
Tekshiruvda begona jism atrofida yaqqol yaralanish, qon ketishi yoki yiringlash aniqlanmagan. Biroq metall cho‘p tomoq to‘qimalarini shikastlashi, shuningdek, yaqindagi qon tomirlari va shilliq qavatlarga zarar yetkazishi mumkin edi.
Doktor Xuan Veypen boshchiligidagi tibbiyot xodimlari bo‘yinni kesish o‘rniga, og‘iz orqali amalga oshiriladigan kam jarohatli jarrohlik usulini tanlashgan. Natijada 12 santimetrlik zanglamaydigan po‘lat cho‘p butun holda olib tashlangan.
Bir necha kunlik kuzatuvdan so‘ng bemorning tomog‘idagi og‘riq va noqulaylik tezda kamaygan, shilliq qavatdagi qon dimlanishi ham asta-sekin pasaygan.
Shifokorlar aholini ogohlantirdi
Shifoxona ushbu holatni jamoatchilik uchun ogohlantiruvchi misol sifatida e’lon qilgan. Mutaxassislar begona buyum tasodifan yutib yuborilsa yoki tanaga kirib qolsa, darhol tibbiy yordamga murojaat qilish zarurligini ta’kidlagan.
Bunday jismning organizmda uzoq vaqt qolishi atrofdagi to‘qimalarni shikastlashi va xavfli asoratlarga sabab bo‘lishi mumkin. Vanning holati esa dastlab yengildek ko‘ringan muammoni e’tiborsiz qoldirish jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatdi.






























Izohlar 0
…