Tillaga “ko‘milgan” kelin ham tergovda hibsga olindi

Turkiyaning Van viloyatida dabdabali to‘yi bilan jamoatchilik e’tiboriga tushgan er-xotin bilan bog‘liq tergovda yangi burilish yuz berdi. To‘yda taqilgan oltin, zargarlik buyumlari, xorijiy valyuta va turk liralarining kelib chiqishi tekshirilmoqda.
To‘ydan keyin er — Mehmet Fotih Tanchalan qo‘lga olingan edi. Endi uning rafiqasi Chag‘li O‘z ham hibsga olingani ma’lum bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, er-xotinning 6 sentyabr kuni Van viloyati Tushba tumanidagi «Parla Delux» to‘yxonasida o‘tkazilgan to‘yi tergovchilar e’tiborini tortgan. To‘ydagi taqinchoqlarning umumiy qiymati 44 million turk lirasi ekani aytilgan.
To‘yda Chag‘li O‘ning bo‘ynida yirik oltin marjon, qo‘llarida ko‘plab bilaguzuklar, katta ziraklar va oltin tojga o‘xshash zargarlik buyumlari bo‘lgani qayd etilgan. Shuningdek, er-xotinga katta miqdorda xorijiy valyuta va turk lirasi ham taqilgan.

Huquq-tartibot idoralari to‘ydagi oltin va boshqa qimmatliklarning manbasini aniqlash uchun Moliyaviy jinoyatlarni tergov qilish kengashi (MASAK) ekspertizasini so‘ragan.
Van Bosh prokuraturasi esa Tanchalanga nisbatan internetda tarqalgan materiallar asosida bir qator jinoyatlar bo‘yicha tergov boshlagan. U jinoiy yo‘l bilan olingan mol-mulk qiymatliklarini legallashtirishda gumonlanib, hibsga olingan.
Ayni paytda Chag‘li O‘ning ham hibsga olinishi bilan bog‘liq holatlar o‘rganilmoqda. To‘ydagi videolar, er-xotinning kiyimlari va taqilgan qimmatbaho buyumlar ham tekshiruv doirasiga kiritilgan.






























Izohlar 0
…