Turkiyada musulmonlarning mehmondo‘stligidan ta’sirlangan xitoylik er-xotin Islomni qabul qildi

Xitoy poytaxti Pekinda yashovchi Moyuan Song va Luosi Syuy ismli er-xotin taxminan ikki yil avval ish joylarini tark etib, dunyo bo‘ylab sayohatga otlangan. Sakkiz yildan beri turmush qurgan juftlikning ilk manzili Indoneziya bo‘lgan. Ular bu yerda musulmonlarning samimiyligi va mehmondo‘stligidan ta’sirlanib, Islom diniga qiziqish bildira boshlagan. Bu haqda Anadolu agentligi xabar berdi.
Keyinchalik Turkiyaga kelgan juftlik Antaliya shahrining tarixiy Kaleychi hududidagi bog‘da nafaqadagi Aysel va Abdurahmon Akgo‘ch bilan tanishgan. Suhbat davomida turk oilasi ularni uyiga taklif qilgan. Mehmonlar u yerda turk madaniyati va milliy taomlari bilan tanishish imkoniga ega bo‘lgan.
Aysel Akgo‘ch Islom diniga qiziqish bildirgan xitoylik ayolga Qur’oni karimni sovg‘a qilgan. Uning ta’kidlashicha, bu sovg‘a juftlik musulmon bo‘lishi uchun emas, muqaddas kitob bilan tanishishi uchun berilgan. Xitoyliklar Turkiyadan ketganidan keyin ham turk oilasi bilan aloqani uzmagan va Islom dinini mustaqil o‘rganishda davom etgan.
Oxir-oqibat musulmon bo‘lishga qaror qilgan juftlik bu qadamni aynan Antaliyada qo‘yishni istab, shaharga yana qaytgan. Ular Akdeniz universiteti masjidida o‘tkazilgan marosimda Islomni qabul qilgan. Marosimdan so‘ng ularga Muhammad Murat va Laylo Betul ismlari berilgan. Shuningdek, masjid imomi juftlikning diniy nikohini ham o‘qib bergan.
Moyuan Songning aytishicha, ularning Islom diniga qiziqishiga turli mamlakatlarda musulmonlardan ko‘rgan yaxshilik va samimiylik sabab bo‘lgan. U hech kim ularga bosim o‘tkazmagani yoki bu qarorga undamaganini, aksincha, musulmonlarning xatti-harakatlarini kuzatib, dinni o‘rganishga qiziqish paydo bo‘lganini ta’kidlagan.

Abdurahmon Akgo‘chning so‘zlariga ko‘ra, bir kuni Moyuan Song u bilan masjidga borish istagini bildirgan. U yerda namoz o‘qiyotganida xitoylik erkak qattiq ta’sirlanib, ko‘z yoshlari bilan namoz ado etgan.
Song musulmon bo‘lganidan keyin ko‘nglida xotirjamlik ortganini ham aytgan. Uning ta’kidlashicha, qiyinchiliklarga duch kelganlarida xotirjam bo‘lib, duo qilish ularga ruhiy kuch bergan.
Turk oilasi xitoylik juftlik bilan aloqani davom ettirmoqda. Akgo‘chlar ularni o‘z farzandlaridek ko‘rishini aytib, kelasi yil may oyida Xitoyga borib, Muhammad Murat va Laylo Betulni ziyorat qilishni rejalashtirayotganini bildirgan.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…