Dunyodagi eng qudratli armiyalar reytingi e’lon qilindi. O‘zbekiston nechanchi o‘rinda?

Dunyodagi eng qudratli armiyalar reytingi e’lon qilindi. O‘zbekiston nechanchi o‘rinda?
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Global Firepower xalqaro loyihasi 2026 yil uchun 145 ta mamlakatni qamrab olgan eng kuchli armiyalar reytingini e'lon qildi.
  • O'zbekiston mazkur ro'yxatda 53-o'rinni egallab, Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yuqori natijani qayd etdi.
  • Dunyo bo'yicha kuchli uchlikdan AQSH, Rossiya va Xitoy joy oldi.
  • Reytingni shakllantirishda 60 dan ortiq omil, jumladan, harbiy texnika soni, moliyaviy imkoniyatlar va logistika kabi ko'rsatkichlar inobatga olindi.

Global Firepower xalqaro loyihasi 2026 yil uchun dunyoning eng kuchli armiyalari reytingini e’lon qildi. Unda 145 ta mamlakatning harbiy salohiyati baholangan. O‘zbekiston ro‘yxatda 53-o‘rinni egallab, Markaziy Osiyodagi davlatlar orasida eng yuqori natijani qayd etdi.

Reytingda birinchi o‘rinni AQSH egallagan. Rossiya ikkinchi, Xitoy uchinchi pog‘onadan joy olgan. Hindiston to‘rtinchi, Janubiy Koreya esa beshinchi o‘rinda qayd etilgan.

Kuchli o‘nlikka, shuningdek, Fransiya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Turkiya va Italiya kirgan.

Global Firepower ma’lumotlariga ko‘ra, davlatlarning PowerIndex ko‘rsatkichlari quyidagicha:

  • AQSH — 0,0741;

  • Rossiya — 0,0791;

  • Xitoy — 0,0919;

  • Hindiston — 0,1346;

  • Janubiy Koreya — 0,1642;

  • Fransiya — 0,1798;

  • Yaponiya — 0,1876;

  • Buyuk Britaniya — 0,1881;

  • Turkiya — 0,1975;

  • Italiya — 0,2211.

Markaziy Osiyoda O‘zbekiston yetakchi

Mintaqa davlatlari orasida O‘zbekiston 53-o‘rinni egallagan. Qozog‘iston 58-o‘rinda, Turkmaniston 78-o‘rinda, Tojikiston 100-o‘rinda, Qirg‘iziston esa 109-o‘rinda qayd etilgan.

Reytingning eng quyi pog‘onalarida Markaziy Afrika Respublikasi 143-o‘rinni, Beliz 144-o‘rinni va Butan 145-o‘rinni egallagan.

Reyting qanday tuziladi?

Global Firepower ma’lumotlariga ko‘ra, reytingni hisoblashda 60 dan ortiq omil inobatga olinadi. Ular qatoriga harbiy xizmatchilar soni, qurol-yarog‘ va texnika miqdori, moliyaviy imkoniyatlar, logistika, tabiiy resurslar hamda mamlakatning geografik xususiyatlari kiradi.

2026 yilgi hisob-kitoblarda aholining internet bilan qamrab olinish darajasi ham yangi omil sifatida qo‘shilgan.

PowerIndex ko‘rsatkichi qanchalik kichik bo‘lsa, mamlakatning an’anaviy harbiy salohiyati shunchalik yuqori deb baholanadi. Nazariy jihatdan eng yaxshi natija 0,0000 hisoblanadi, ammo loyiha izohiga ko‘ra, amalda bunday ko‘rsatkichga erishish mumkin emas.

Reytingda harbiy texnika soni bilan birga davlatning moliyaviy va logistik imkoniyatlari ham hisobga olinadi. Masalan, Global Firepower ma’lumotlarida AQSHning turli vazifalarga mo‘ljallangan samolyot va vertolyotlari jami 13 032 ta, avianosetslari esa 11 ta deb ko‘rsatilgan.

Shu bilan birga, mazkur reyting mamlakatlarning harbiy salohiyatini taqqoslashga qaratilgan bo‘lib, u har bir qurol yoki texnika birligi jangga tayyorligini hamda ehtimoliy urush natijasini to‘liq aks ettirmaydi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar