O‘zbekiston kiberxavfsizlik bo‘yicha mintaqada uchinchi o‘rinda

O‘zbekiston kiberxavfsizlik bo‘yicha mintaqada uchinchi o‘rinda

2025 yil davomida va 2026 yilning birinchi olti oyida O‘zbekistondagi kompaniyalar va davlat tashkilotlari bazalaridan qariyb 15 million qator ma’lumot sizib chiqqan. Shu natija bilan O‘zbekiston Markaziy Osiyoda Tojikiston va Qozog‘istondan keyin uchinchi o‘rinda qayd etilgan. Bu haqda F6'ning 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan Cyber Threat Landscape Report hisobotida ma’lum qilingan.

F6 tadqiqotiga ko‘ra, dunyo miqyosida 164 ta ma’lumot sizishi holati aniqlangan. Ularda 600 milliondan ortiq foydalanuvchi yozuvlari zarar ko‘rgan.

Ularning 91 ta bazasi xakerlik forumlari va Telegram kanallarida ochiq joylashtirilgan. 73 ta ma’lumotlar bazasi esa sotuvga chiqarilgan.

Markaziy Osiyo mamlakatlarida sizib chiqqan ma’lumotlar miqdori 257 million qatorga yetgan. Mintaqadagi eng katta ko‘rsatkich Tojikistonda qayd etilgan. Mamlakat hisobiga 217 millionga yaqin qator, ya’ni mintaqadagi umumiy hajmning 84 foizi to‘g‘ri keladi.

Qozog‘istonda taxminan 25 million qator ma’lumot sizib chiqqan. Bu mintaqaviy hajmning 10 foizini tashkil etadi. O‘zbekistonda esa 15 millionga yaqin qator yoki 6 foiz ma’lumot qayd etilgan.

Ma’lumotlarning umumiy hajmi bo‘yicha O‘zbekiston uchinchi o‘rinda bo‘lsa, sizishlar soni bo‘yicha mamlakat ikkinchi o‘rinda turibdi. Mintaqadagi barcha publikatsiyalarning 57 foizi Qozog‘istonga, 29 foizi O‘zbekistonga va 14 foizi Tojikistonga to‘g‘ri kelgan.

Sizib chiqqan ma’lumotlarning asosiy qismi davlat tashkilotlari bilan bog‘liq. Davlat sektoridagi ma’lumotlar umumiy hajmning 96 foizini tashkil qilgan. Bu ko‘rsatkichning katta qismi Tojikistondagi yirik ma’lumot sizishi hisobiga shakllangan.

Ta’lim sohasining ulushi 3 foiz bo‘lgan. Bunda Qozog‘istondagi ta’lim platformalaridan sizib chiqqan qariyb 8,5 millionta yozuv asosiy qismni tashkil etgan.

Sizishlar soni hisoblanganda davlat sektori 43 foiz, ta’lim sohasi 29 foiz va moliya sektori 28 foiz ulushga ega bo‘lgan.

Mutaxassislar uchun asosiy xavflardan biri shundaki, ma’lumotlar bazasidagi bitta yozuvning o‘zida shaxsning ismi, elektron pochta manzili, pasport ma’lumotlari yoki login va paroli kabi muhim ma’lumotlar bo‘lishi mumkin.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar