Rossiyalik ayol Labubu qo‘g‘irchoqlari uchun «jonini» sotdi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Rossiyalik 26 yoshli Karina ismli ayol marketing mutaxassisi Dmitriyning ijtimoiy tajribasi doirasida o‘z «jonini»
- 100 ming rubl evaziga sotishga rozi bo‘ldi.
- Shartnomani qoni bilan imzolagan ayol qo‘lga kiritgan mablag‘ini Labubu qo‘g‘irchoqlari to‘plami hamda Nadejda Kadisheva konsertiga chipta xarid qilish uchun sarfladi.
- Hazil tariqasida boshlangan ushbu voqea ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi va Rossiya Pravoslav cherkovi tomonidan keskin qoralandi.
Rossiyalik 26 yoshli ayol o‘ziga tegishli «jon»ni 100 ming rubl, ya’ni taxminan 1 180 dollar evaziga sotishga rozi bo‘ldi. U ushbu pulga Labubu qo‘g‘irchoqlari to‘plamini va konsert chiptasini xarid qildi. G‘ayrioddiy tajriba ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
G‘ayrioddiy taklif hazil tariqasida boshlangan
Hodisa Rossiyaning Telegram ijtimoiy tarmog‘ida o‘zini Dmitriy deb tanishtirgan marketing mutaxassisining e’lonidan boshlangan. U kim o‘z jonini sotishga rozi bo‘lsa, unga 100 ming rubl to‘lashini ma’lum qilgan. Taklifni rasmiylashtirish uchun esa shartnomaga o‘z qoni bilan imzo qo‘yish talab etilgan.
Dmitriy bu g‘alati taklifni hazil va ijtimoiy tajriba sifatida o‘ylab topgan bo‘lib, kimdir uni jiddiy qabul qilib, rozilik bildirishini kutmagan. Biroq kutilmaganda 26 yoshli ayol e’longa javob berib, bunday kelishuvda ishtirok etishga tayyorligini bildirgan.
Dmitriy ham va’dasining ustidan chiqqan. U «jon sotilgani» haqidagi to‘lov hujjatini va ayolning qon bilan imzolangan shartnomani ushlab turgan suratini e’lon qilgan. Suratda ayolning shaxsiy ma’lumotlari oshkor bo‘lmasligi uchun yashirilgan.
«Men birinchi jonimni sotib oldim»
«Karina ismli yosh ayol taklifimga javob berdi, kelishuvga rozi bo‘ldi, hujjatni imzoladi va uni qoni bilan tasdiqladi. Men hozirgina birinchi jonimni sotib oldim. Hozir o‘zimni haqiqatan ham Deyvi Jonsdek his qilyapman!» — deb yozgan rossiyalik erkak.
Deyvi Jons — «Karib dengizi qaroqchilari» filmlaridagi mashhur qahramonlardan biri.
Aslida, Dmitriy sotib olganini da’vo qilgan «jon» bilan nima qilishni rejalashtirgani noma’lum. Uning asosiy maqsadi ushbu g‘alati kelishuv orqali ijtimoiy tajriba o‘tkazish bo‘lgan.
Karina esa Rossiyadagi mashhur Mash Telegram kanaliga bergan izohida o‘z «joni»ning taqdiri yoki yangi egasi u bilan nima qilishidan unchalik xavotir olmasligini aytgan.
Pul Labubu qo‘g‘irchoqlari va konsertga sarflandi
Karina kelishuvdan olgan 100 ming rublini uzoq vaqt saqlab o‘tirmagan. U pulga mashhur Labubu qo‘g‘irchoqlari to‘plamini va rossiyalik xalq qo‘shiqchisi Nadejda Kadisheva konsertiga chipta sotib olgan.
Shu tariqa, marketing mutaxassisining hazil tariqasida boshlangan tajribasi ayol uchun xaridlar qilish imkoniyatiga aylangan.
Pravoslav cherkovi voqeaga keskin munosabat bildirdi
Karina o‘z «joni»ning taqdiriga befarq ekanini aytgan bo‘lsa-da, Rossiya Pravoslav cherkovi bu voqeaga jiddiy munosabat bildirgan.
«Jon sotish» haqidagi xabarlar internetda keng tarqalgach, cherkov o‘zining rasmiy kanallari orqali munosabat bildirib, ayol haqiqatan ham «jonini sotgani va shu orqali yovuzlikni tanlagani»ni ta’kidlagan.
Cherkov vakillari bunday qaror ma’naviy va shaxsiy tanazzul, kasallik, azob-uqubatlar va hatto o‘limga olib kelishi mumkinligini ham bildirgan.
Voqea internetda hazil tariqasida boshlangan tajriba ham turli ijtimoiy va diniy qarashlar nuqtayi nazaridan jiddiy bahslarga sabab bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi.






























Izohlar 0
…