Odam boshini boshqa tanaga ko‘chirishni va’da qilgan olim Rossiyada operatsiya o‘tkazdi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Xitoylik neyroxirurg Jen Syaopin Moskvadagi Sklifosovskiy nomidagi ilmiy-tadqiqot institutida 12 soat davom etgan orqa miya transplantatsiyasi operatsiyasida ishtirok etdi.
- Olim jarohatlangan orqa miya qismini olib tashlab, uning o‘rniga donordan olingan nerv to‘qimasini joylashtirganini ma’lum qildi.
- Rossiya rasmiylari mazkur amaliyot o‘tkazilganini tasdiqlagan bo‘lsa-da, uning uzoq muddatli natijalari haqida hozircha aniq ma’lumotlar mavjud emas.
Inson boshini boshqa tanaga ko‘chirib o‘tkazish rejalari bilan tanilgan xitoylik neyroxirurg Jen Syaopin Moskvada paydo bo‘ldi. U Sklifosovskiy nomidagi ilmiy-tadqiqot institutida 12 soat davom etgan orqa miya operatsiyasida qatnashgan. Bu haqda «South China Morning Post» xabar berdi.
Olimning «New Scientist» jurnalida keltirilgan ma’lumotiga ko‘ra, jarohat tufayli uzilgan orqa miyaning shikastlangan qismi olib tashlanib, uning o‘rniga miya o‘limi qayd etilgan donordan olingan nerv to‘qimasi bo‘lagi joylashtirilgan. Jen Syaopin ushbu amaliyotni dunyodagi birinchi orqa miya transplantatsiyasi deb atagan. Rossiya rasmiylari ham Moskvada shunday operatsiya o‘tkazilganini tasdiqlagan. Biroq uning uzoq muddatli natijalari haqida hozircha batafsil ma’lumot yo‘q.
Jen Syaopin 2010 yillarda italiyalik jarroh Serdjio Kanavero bilan inson boshini boshqa tanaga ko‘chirish rejasini ilgari surgani sababli xalqaro miqyosda tanilgan. Biroq bunday operatsiya insonda muvaffaqiyatli amalga oshirilgani haqida ishonchli tasdiq yo‘q. Ushbu g‘oya tibbiyot hamjamiyatida jiddiy axloqiy va ilmiy e’tirozlarga sabab bo‘lgan.
Olimning Moskvadagi faoliyati Rossiyada uzoq umr ko‘rish va qarishni sekinlashtirish bo‘yicha tadqiqotlar kuchaygan davrga to‘g‘ri keldi. «The Wall Street Journal» nashri bu yo‘nalishdagi davlat dasturiga Vladimir Putinning qizi Mariya Voronsova va Kurchatov instituti rahbari Mixail Kovalchuk aloqadorligini yozgan. Dastur doirasida gen terapiyasi, to‘qimalarni bioprinter yordamida yaratish va hayvonlarda inson uchun mos a’zolar yetishtirish kabi yo‘nalishlar o‘rganilmoqda.
Ochiq budjet ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya hukumati 2027–2029 yillarda «Sog‘liqni saqlashning yangi texnologiyalari» milliy loyihasi uchun jami 17,954 milliard rubl ajratishni rejalashtirgan. Biroq bu mablag‘ni faqat Putinning umrini uzaytirishga sarflanadigan pul sifatida talqin qilish to‘g‘ri emas: loyiha tibbiyot va uzoq umr ko‘rish texnologiyalariga oid kengroq tadqiqotlarni qamrab oladi.






























Izohlar 0
…