38 yoshli ayol bir yo‘la to‘rt nafar bir xil egizak o‘g‘il kutmoqda

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Kolumbiyada 38 yoshli Mariya Tapia bir yo‘la to‘rt nafar bir xil o‘g‘il egizakni dunyoga keltirish arafasida.
- Bunday noyob homiladorlik har 15 million holatdan birida uchraydi va to‘rtala chaqaloq ham bitta urug‘langan tuxum hujayrasidan rivojlangan.
- Mariya va uning turmush o‘rtog‘i Jonatan Sapa chaqaloqlarning xavfsiz tug‘ilishi uchun shifokorlar nazorati ostida.
Kolumbiyada 38 yoshli Mariya Tapia bir vaqtning o‘zida to‘rt nafar bir xil o‘g‘il farzandni dunyoga keltirish arafasida. Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday homiladorlik taxminan har 15 million holatdan birida uchraydi.
Mariya homiladorlikning 30-haftasiga yetgan. Uning qornida Mariano, Maksimiliano, Emiliano va Tiago ismlari qo‘yilishi rejalashtirilgan to‘rt nafar chaqaloq rivojlanmoqda. Bu noyob holat Kolumbiyaning Antiokiya departamentidagi Kausiya shahri shifokorlarini ham hayratda qoldirgan.
Ayni paytda Mariya va uning turmush o‘rtog‘i Jonatan Sapa Medelin shahriga borgan. U yerda mutaxassislar chaqaloqlarni qachon va qanday usulda dunyoga keltirish xavfsizroq bo‘lishini aniqlashadi. Homiladorlik yuqori xavfli deb baholangani sababli, ona va hali tug‘ilmagan bolalar shifokorlar nazoratida.
To‘rtala chaqaloq ham bir xil jinsda
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, chaqaloqlar monozigotali to‘rt homila hisoblanadi. Ya’ni ular bitta urug‘langan tuxum hujayrasidan rivojlangan va keyinchalik u to‘rtta embrionga ajralgan.
Jonatan mahalliy ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida to‘rtala chaqaloqning bitta platsentada, ammo alohida homila qoplarida joylashganini aytgan.
«Ularning barchasi bitta platsentada, alohida qoplarda joylashgan. To‘rtala bola ham o‘g‘il, jinsi bir xil. Aynan shu jihat bu homiladorlikni favqulodda noyob qiladi», — degan u.
Juftlik dastlab to‘rt nafar farzand kutayotganini bilganida, hayratdan nima deyishni ham bilmay qolgan. Jonatan ultratovush tekshiruvi vaqtida embrionlarni birma-bir sanaganini eslaydi.
«Bir, ikki, uch va to‘rt», — deya xotirlagan u.
Ona farzandlarini bag‘riga bosishni intiqlik bilan kutmoqda
Oila homiladorlikni shifokorlar nazorati ostida imkon qadar uzoqroq davom ettirishga umid qilmoqda. Bu chaqaloqlarning tug‘ilishidan oldin yanada ko‘proq rivojlanishi uchun vaqt beradi.
Mariyaning aytishicha, u farzandlarini ko‘rish va bag‘riga bosishni juda xohlayapti.
«Men ular bilan uchrashishni, ularni dunyoga keltirishni va ko‘rishni juda istayman», — degan u videomurojaatida.
Xabarlarga ko‘ra, Mariyaning umumiy ahvoli yaxshi. Biroq qorni kattalashib borgani sari yurish va harakatlanish unga qiyinlashmoqda.
Mariya va Jonatan farzandlarining tug‘ilishini katta quvonch bilan kutmoqda. Ular bu homiladorlikni Xudo tomonidan berilgan ne’mat sifatida qabul qilishadi.
«Doimo Xudoga ishonamiz va hammasi yaxshi yakun topishiga umid qilamiz», — degan Mariya.
Bunday homiladorlik har 15 million holatdan birida uchraydi
«Need To Know» nashri xabar berishicha, to‘rt nafar chaqaloqni bir vaqtda ko‘tarish ona va bolalar uchun turli xavf hamda asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli tug‘ruq vaqti va usulini belgilashda shifokorlar har bir omilni sinchiklab baholashi kerak.
Akusher-ginekolog Eylen Ospina Barrios bu kabi holatning nihoyatda kam uchrashini ta’kidlagan.
«Bunday hodisaning ehtimoli har 15 million homiladorlikdan birini tashkil etadi», — degan mutaxassis.
Kolumbiya milliy statistika agentligi — DANE ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda mamlakatda to‘rt egizak tug‘ilishi bilan bog‘liq oltita holat qayd etilgan. Biroq ularning hech birida to‘rtala chaqaloq ham bitta urug‘langan tuxum hujayrasidan rivojlangan bir xil o‘g‘il bolalar bo‘lmagan.
Shuningdek, Kolumbiyada monozigotali to‘rt egizak tug‘ilgani haqida avvalgi tasdiqlangan holatlar ma’lum emas.
Olimlar bitta embrionning qanday sabablarga ko‘ra to‘rtta embrionga ajralib ketishini hali to‘liq aniqlashmagan. Shu bois Mariyaning homiladorligi tibbiyot nuqtayi nazaridan alohida e’tiborga loyiq.
Endilikda oila va shifokorlarning asosiy maqsadi — onaning salomatligini asrash hamda to‘rtala chaqaloqning dunyoga xavfsiz kelishini ta’minlash.






























Izohlar 0
…