AQSHda xitoylik josus ayol qo‘lga olindi: u kimni kuzatgan?

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- AQSHda 34 yoshli Van’in Chjan Xitoy rasmiylari topshirig‘i bilan Tayvan Prezidenti Lay Sindenining o‘g‘illaridan birini kuzatganlikda gumonlanib hibsga olindi.
- U 2025 yilda Sietlda Tayvan Prezidentining o‘g‘li va oila a’zolarini kuzatib, ularga oid ma’lumotlarni Xitoyga yetkazgan.
- Chjan AQSHda xorijiy davlatning ro‘yxatdan o‘tmagan agenti sifatida faoliyat yuritganlikda ayblanmoqda.
AQSH Federal qidiruv byurosi (FQB) Kaliforniyada istiqomat qiluvchi 34 yoshli ayolni Xitoy rasmiylari topshirig‘i asosida Tayvan Prezidenti Lay Sindening o‘g‘illaridan birini kuzatganlikda gumonlab hibsga oldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Xizer nomi bilan tanilgan Van’in Chjan 4 oktyabr kuni Los-Anjeles xalqaro aeroportida qo‘lga tushgan. U shu paytda Xitoyga parvoz qilishga tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lgan. Chjanga xorijiy davlatning ro‘yxatdan o‘tmagan agenti sifatida faoliyat yuritganlik bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.
FQB ma’lumotlariga ko‘ra, Chjan 2025 yilda Xitoy rasmiylarining topshirig‘i bilan Sietl shahriga borgan. U yerda Tayvan Prezidentining o‘g‘li hamda uning oila a’zolarini kuzatib, ularga tegishli fotosuratlar, videolar va avtomobil davlat raqamlari haqidagi ma’lumotlarni Xitoy rasmiylariga yetkazgan.
AQSH Markaziy Kaliforniya okrugi bo‘yicha bosh prokurorining birinchi yordamchisi Bill Essaylining ta’kidlashicha, Chjan qo‘lga tushmaslik uchun maxsus chora va usullardan foydalangan. Shuningdek, u xorijiy hukumat topshirig‘i asosida ish olib borayotganini AQSH rasmiylariga ma’lum qilmagan.
Tayvan prezidentlik idorasi esa Chjanning harakatlarini “transmilliy repressiyaning odatiy holati” sifatida baholadi. Idora vakillari Tayvan fuqarolarini himoya qilgani uchun AQSH hukumatiga minnatdorlik bildirdi.
“Mamlakatimiz inson huquqlari va davlatlar suverenitetini mensimaslikka asoslangan bunday vahshiyona xatti-harakatlarni qat’iy qoralaydi”, — dedi prezidentlik idorasi vakili Karen Kuo.
Ayni paytda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi “Reuters” tomonidan izoh so‘rab yuborilgan murojaatga hozircha javob qaytarmagan. Shuningdek, Chjanning advokati bor-yo‘qligi ham hozircha ma’lum emas.
Qayd etilishicha, u 6 oktyabr kuni Los-Anjelesdagi federal sudda ishtirok etishi kutilmoqda. Sudda unga qo‘yilgan ayblovlar bo‘yicha dastlabki protsessual masalalar ko‘rib chiqilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Lay Sinde va u rahbarlik qilayotgan Demokratik progressiv partiya Tayvanning Xitoydan alohida o‘ziga xosligini muntazam ravishda ta’kidlab keladi. Pekin esa Tayvanni Xitoy hududining bir qismi deb hisoblaydi.
Lay Sinde orolning kelajagi bilan bog‘liq masalani faqat Tayvan xalqi hal qilishi mumkin, degan pozitsiyani bildirib keladi.
AQSH Tayvan bilan rasmiy diplomatik munosabatlarga ega emas. Shunga qaramay, Vashington orolning eng muhim xalqaro hamkorlaridan biri va asosiy qurol yetkazib beruvchisi hisoblanadi.






























Izohlar 0
…