23:21 / 21.03.2020
3 898

Isaak Nyuton ommaviy epidemiya sababli berilgan taʼtilda eng buyuk nazariyalarini yaratgan

Isaak Nyuton ommaviy epidemiya sababli berilgan taʼtilda eng buyuk nazariyalarini yaratgan

1665-1666-yillarda Londonda o‘lat tarqaydi. Odamlar orasida ommaviy kasallanish boshlanadi. Bu davrlar tarixga “Londondagi Buyuk o‘lat” nomi bilan kirgan. Buyuk o‘lat davrida Londonning chorak qismi (25%) o‘latdan qirilib ketgan. O‘lat tarqagan yili mashhur olim Isaak Nyuton Kembrijning Trinity kollejida 22 yoshli oddiy talaba edi. O‘sha paytda ham hukumat epidemiya tarqalishining oldini olish uchun odamlarni ommaviy yig‘ilishini cheklagan. Kembrij universiteti ham talabalarni uyiga jo‘natgan va talabalar uyida mustaqil o‘qishni davom ettirgan.

Nyuton oilasining Vulstorp mulkida joylashgan uyiga qaytadi va 1 yildan ortiqroq davr mobaynida o‘qituvchilarning yordamisiz ushbu uyda mustaqil tahsil olishni davom ettiradi. Nyuton uyida o‘qigan aynan shu yil keyinchalik uning “mo‘’jizalar yili” degan nom olgan. Chunki Nyuton aynan shu davrda, uyida mustaqil o‘rganish davomida eng mashhur nazariyalarini yaratgan.

Birinchidan, u Kembrijda o‘rganishni boshlagan matematik masalalar ustida ishlashni davom ettiradi. Ushbu masalalar yuzasidan yozgan ilmiy ishlari keyinchalik matematik analiz fanining shakllanishida asoslardan biri bo‘lib xizmat qiladi.

Ikkinchidan, quyoshli kunlarning birida deraza va boshqa nur tushadigan barcha yerlarni berkitib, xonasini qop-qorong‘u qilib oladi. So‘ng derazani berkitib turgan pardadan kichik teshik ochib, shu teshikdan tushayotgan nur yo‘lini shisha prizma bilan to‘sadi. Prizmaning birinchi tomonidan o‘tgan nur uning ikkinchi tomonidan turli xil ranglar ko‘rinishda (kamalak kabi) tarqaladi. Aynan shu tajriba Nyutonning optika sohasidagi nazariyalarining yaratilishiga turtki bo‘ladi.

Uchinchidan, Butun olam tortishish qonuni haqidagi fikrlari ham aynan shu yillari vujudga keladi. Nyuton olma daraxti ostida bo‘lgan payti boshiga olma tushgani va shundan Butun olam tortishish qonuniga asos solgani haqidagi hikoyani eshitgan bo‘lsangiz kerak? Bog‘da aylanib yurganida olmalarning daraxtdan qulab tushishini kuzatadi. Va uning xayoliga “olmaning yerga qulashiga sabab bo‘luvchi tortishish kuchining amal qilish masofasi Yerdan ma’lum uzoqlik bilangina cheklanmasdan, ancha uzoq masofalarda ham amal qilsa-chi? Masalan, Oygacha bo‘lgan masofada”, – degan fikr kelib qoladi. Shu fikr keyinchalik Butun olam tortishish qonunining kashf etilishiga sabab bo‘ladi.

Buyuk o‘lat davri tugagach, 1667 yili Nyuton uyda o‘rganganlari asosida ishlab chiqilgan nazariyalari va shu nazariyalar haqida yozilgan ilmiy ishlari bilan universitetga qaytadi. 6 oy ichida Nyuton universitetning a’zosiga aylanadi, 2 yildan keyin esa professor darajasiga erishadi.

Xabaringiz bor bugungi kunda O‘zbekistonda ham ta’lim muassasalari yopildi. O‘qish yo‘q, endi maza qilib uxlayman yoki ko‘rolmay yurgan seriallarimni ko‘rib tashlayman demay, mustaqil o‘rganish va tajriba o‘tkazishga, ilgari o‘ylab yurgan, lekin amalga oshirish uchun vaqt topolmay yurgan ishlaringizga vaqt sarflashingiz uchun ayni muddao. Ajab emas, uydagi mustaqil o‘rganishlardan keyin siz ham Nyutonga o‘xshab kelajakda mashhur bo‘lib ketuvchi nazariyalarni yaratsangiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isaak Nyuton ommaviy epidemiya sababli berilgan taʼtilda eng buyuk nazariyalarini yaratgan