OpenAI va Anthropic kadrlar tanqisligi sabab xorijlik mutaxassislarni faol yollamoqda

Sunʻiy intellekt sohasidagi jadal rivojlanish noyob mutaxassislar uchun raqobatni kuchaytirmoqda. AQSH Mehnat vazirligining yangi maʻlumotlariga koʻra, OpenAI, Anthropic va NVIDIA kompaniyalari xorijiy xodimlarni yollash qoidalari murakkablashganiga qaramay, oʻtgan yil davomida H-1B ishchi vizalari uchun arizalar sonini sezilarli darajada oshirgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Eng katta oʻsish Anthropic kompaniyasida kuzatildi: joriy moliya yilining ikkinchi choragida kompaniya 59 ta ariza boʻyicha ijobiy javob oldi, vaholanki bir yil avval bu koʻrsatkich atigi 10 tani tashkil etgan edi. OpenAI esa xuddi shu davrda arizalar sonini 20 tadan 63 taga yetkazdi. Sektor yetakchisi NVIDIA esa 765 ta arizaga ruxsat olib, oʻtgan yilgi 641 talik koʻrsatkichini yangiladi.
Ushbu tendensiya boshqa texnologik gigantlar fonida yaqqol ajralib turibdi. Maʻlumotlarga koʻra, Meta, Microsoft, Amazon va Google kompaniyalarida tasdiqlangan arizalar soni kamaygan. Xususan, Google bir yil ichida bunday arizalarni 64 foizga qisqartirib, turli boʻlinmalarda xodimlarni optimallashtirishda davom etmoqda. Buning asosiy sababi mehnat bozori tuzilmasining oʻzgarishidir.
Hozirda kompaniyalar ommaviy ishga qabul qilish oʻrniga, mashinali oʻrganish muhandislari, hisoblash infratuzilmasi mutaxassislari va fundamental modellar ishlab chiquvchilaridan iborat kichik, ammo yuqori samarali jamoalarni shakllantirishga eʻtibor qaratmoqda. Rekruterlarning soʻzlariga koʻra, OpenAI va Anthropic kuchli tadqiqotchilarni jalb qilish uchun har qanday xarajatga tayyor.
AQSH hukumatining H-1B vizalarini taqsimlash boʻyicha yangi qoidalari yuqori maoshli nomzodlarga ustunlik bermoqda. Ayrim xorijlik arizachilar uchun 100 ming dollar miqdorida qoʻshimcha yigʻim joriy etilgan boʻlsa-da, ilgʻor sunʻiy intellekt tizimlarini yaratuvchi kompaniyalar uchun kuchli mutaxassisning qiymati har qanday viza xarajatlaridan ustun hisoblanadi.





























Izohlar 0
…