22:53 / 17.07.2020
3 009

Olimlar asr oxiriga kelib ayrim davlatlar aholisi ikki baravar kamayib ketishini prognoz qildi

Olimlar asr oxiriga kelib ayrim davlatlar aholisi ikki baravar kamayib ketishini prognoz qildi
Foto: Anadolu
Yer yuzi aholisi 2064 yilda o‘zining eng yuqori ko‘rsatkichiga — 9,7 milliard kishiga yetadi, shundan so‘ng ular soni asta-sekin pasayib, asr oxirida 8,8 milliard kishini tashkil qiladi. Bu haqda Vashington shtati universitetidagi Sog‘liq ko‘rsatkichlari va baholanishi instituti (IHME) olimlari prognoziga tayanib BBC News xabar berdi.

Qayd etilishicha, tadqiqotchilar dunyodagi tug‘ish koeffitsiyenti (bir ayol hayoti davomida dunyoga keltira oladigan bolalar soni) o‘zgarishini tahlil qilib shunday xulosaga kelgan. Xususan, 1950 yilda bu ko‘rsatkich 4,7 bo‘lgan bo‘lsa, 2017 yilda ikki barvar kamayib 2,4 ni tashkil etgan.

Mutaxassislar 2100 yilga kelib tug‘ish koeffitsiyenti 1,7 gacha tushib ketishini prognoz qilmoqda. Olimlar agar ushbu koeffitsiyent 2,1 dan tushib ketsa, Yer yuzi aholisi qisqara boshlashiga e’tibor qaratgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Yaponiya aholisi 2017 yilda o‘z cho‘qqisiga erishib, 128 million kishini tashkil qilgan. IHME prognoziga ko‘ra, asr oxiriga kelib Yaponiya aholisi 53 million kishigacha kamayib ketadi. Italiya aholisi esa shu davr ichida 61 million kishidan 28 million kishigacha qisqaradi. Shuningdek, asr oxiriga kelib Ispaniya, Portugaliya, Tailand, Janubiy Koreya va boshqa ayrim davlatlar aholisi 2 baravar kamayib ketadi.

Hozirda dunyoda aholisi eng zich joylashgan Xitoyda esa aholi soni 2024 yilga kelib maksimumga yetadi va 1,4 milliard kishini tashkil qiladi. Biroq asr oxiriga kelib Xitoy aholisi qariyb 2 baravar kamayib, 723 million kishini tashkil qiladi. IHME prognoziga ko‘ra, 2100 yilga kelib umumiy hisobda 195 ta davlatdan 183 tasida aholi soni qisqaradi.

Olimlarning izholashicha, tug‘ish koeffitsiyentining pasayishi, birinchi navbatda, ko‘plab ayollar ta’lim olish va ishlash imkoniga tobora ko‘proq ega bo‘layotgani, shuningdek, kontratsepsiya vositalari keng qo‘llanilayotgani bilan bog‘liq.

Bundan tashqari, XXI asr oxiriga kelib keksa yoshlilar soni sezilarli darajada ortib, bolalar soni kamayib ketadi. Xususan, 5 yoshdan kichik bolalar soni 2017 yildagi 681 million nafardan 2100 yilda 401 million nafargacha kamayib ketadi. 80 yoshdan kattalar soni esa, aksincha, 2017 yildagi 141 million nafardan asr oxirida 866 million nafargacha ortadi.

Tadqiqot mualliflaridan biri, professor Kristofer Myurrey dunyo aholisi yosh strukturasining bunday o‘zgarishini «ulkan ijtimoiy o‘zgarish» deb atamoqda. Uning ogohlantirishicha, bu jahon iqtisodiyoti uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Olimlar asr oxiriga kelib ayrim davlatlar aholisi ikki baravar kamayib ketishini prognoz qildi