Qirg‘izistondan O‘zbekistonga go‘sht kontrabandasi davom etayotgani aytildi

Qirg‘izistondan O‘zbekistonga go‘sht kontrabandasi davom etayotgani aytildi

Qirg‘izistondan O‘zbekistonga go‘sht noqonuniy olib o‘tilayotgani haqidagi iddaolar yangradi. Bu haqda 22 sentyabr kuni Qirg‘iziston Jogorku Keneshining tegishli qo‘mitasi yig‘ilishida deputat Ulanbek Jeenbayev ma’lum qildi.

Yig‘ilishda Qirg‘izistonning 2025 yilgi davlat budjeti ijrosi masalasi muhokama qilingan. Deputat mamlakatda go‘sht narxlari pasaymayotgani, aksincha, oshib borayotganini ta’kidladi.

Uning aytishicha, Qirg‘iziston yorliqlari tushirilgan chorva mahsulotlari O‘zbekistonda sotilayotgani aks etgan videolar tarqalgan. Deputat buni go‘sht kontrabandasi davom etayotganining belgisi sifatida baholagan.

«Biz Qirg‘iziston yorliqlari bo‘lgan chorva mollari O‘zbekistonda sotilayotgani aks etgan videolarni ko‘rib turibmiz. Demak, kontrabanda davom etmoqda. Go‘sht narxini barqarorlashtirish uchun choralar ko‘rish kerak», — dedi Ulanbek Jeenbayev.

Qayd etilishicha, Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi go‘sht narxini tartibga solish bo‘yicha qator choralarni amalga oshirmoqda. Shuningdek, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi go‘shtning bir kilogrammi uchun 770 som miqdorida narx belgilagan. Bu taxminan 100 ming so‘mga teng.

Hozircha deputat tilga olgan O‘zbekistonga go‘sht kontrabandasi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan qo‘shimcha rasmiy ma’lumotlar keltirilmagan.

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar