12:43 / 01.05.2021
2 142

Rossiya OTMlariga kirish imtihonlarini onlayn topshirish uchun ruxsat berildi


Foto: «TASS»
Rossiyada 2021 yildan boshlab OTMlarga kirish imtihonlarini masofadan topshirish mumkin bo‘ladi. Bu haqda Fan va oliy ta’lim vazirligining buyrug‘iga tayanib «RBK» xabar berdi.

Hujjatda ta’kidlanishicha, koronavirus infeksiyasi tarqalish xavfining oldini olish maqsadida kirish imtihonlari uchun murojaatlarni masofadan turib ham ko‘rib chiqish mumkin.

Oliygohlarda qabul komissiyasi eng kechi bilan 20 iyundan ish boshlaydi va tanlangan abituriyentlarning ro‘yxatlari 2 avgustgacha e’lon qilinadi.

Avvalroq Fan va ta’lim vazirligi 2021 yilda 576 498 nafar abituriyent bepul oliy ta’lim olish huquqiga ega bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan edi. Bu 2019 yilga taqqoslaganda 34 747 nafarga ko‘proq.

Fan va oliy ta’lim vaziri Valeriy Falkovning ta’kidlashicha, muhandislik, pedagogika, tibbiyot va qishloq xo‘jaligi mutaxassisliklari davlat uchun ustuvor yo‘nalishlar hisoblanadi. Aynan shu yo‘nalishlarga hududlardagi talab darajasi yuqori va shuning uchun ko‘pchilik budjet o‘rinlari shu sohalar uchun ajratilgan.

Eng ko‘p budjet o‘rinlari ajratilgan hududlar orasida (Moskva va Sankt-Peterburgdan tashqari) Tatariston, Sverdlovsk, Rostov va Novosibirsk viloyatlari bor. Moskvaga 105 096 ta, Sankt-Peterburgga 50 724 ta budjet o‘rni ajratilgan.

Eslatib o‘tamiz, 16 fevral kuni «Rospotrebnadzor» aviaqatnov tiklangan mamlakatlardan kelayotgan xorijlik talabalar uchun ayrim talablar evaziga o‘qishiga ruxsat bergan edi. O‘zbekiston TIV Rossiya O‘zbekiston fuqarolarining kirib kelishlari, jumladan, o‘qish maqsadida kelishlari uchun o‘rnatilgan cheklovlarni bekor qilmaganini ma’lum qilgandi.

«Dunyo»ning diplomatik vakolatxonaga tayanib yozishicha, 2020 yil oxirida e’lon qilingan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya ta’lim muassasalarida O‘zbekistonning 35 mingga yaqin fuqarosi tahsil oladi. Ayni paytda ularning 7 mingga yaqini Rossiyaga kira olmayapti.
Hozirda 25 ta mamlakatdan keladigan talabalarning Rossiyaga kirishiga ruxsat berilgan. Ushbu ro‘yxatga O‘zbekiston kiritilmagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya OTMlariga kirish imtihonlarini onlayn topshirish uchun ruxsat berildi