08:19 / 12.11.2022
945

Qalb g‘uborini ketkazish

Qalb g‘uborini ketkazish
Gar safoyi harami ka’ba zi zamzam boshad,
Zamzami ka’bayi dil diydayi pur nam boshad.
To nabandiy zi suxan lab nashavad dil go‘yo,
Nutqi Iyso samari ro‘zayi Maryam boshad
.

Tarjimasi:
Agar Ka’ba Haramining sofligi Zamzam suvi bilan bo‘lsa,
qalb ka’basining zamzami yoshli ko‘z bo‘ladi.
To labingni gapdan yummaguningcha diling go‘yo bo‘lolmaydi.
Iyso alayhissalomning gapirishlari onasi bibi Maryam tutgan ro‘zaning samarasidir.


Soib rahimahulloh bu she’rida juda go‘zal mazmunlarga ishora qiladi. Dunyo qiblasi bo‘lmish Ka’baga qo‘ngan changu g‘uborlar uning yonginasidan otilib chiqqan mu’jizaviy suv – Zamzam bilan yuviladi. Buni hammamiz bilamiz. Ikkinchi misrada esa hazrat Soib biz ahamiyat bermaydigan narsaga e’tiborimizni tortadi. U kishi inson qalbini ka’baga o‘xshatadi. Zero unda ham Ka’ba singari Allohning tajaliygohi bo‘lishga salohiyat bor. Qalb ka’basiga o‘tkinchi dunyo tashvishlari, xato va gunohlar tufayli yopishgan gardu g‘uborlar esa ko‘z yoshlari bilan yuviladi. Qalbning changu g‘uborlarini bundan boshqa hech bir narsa ketkaza olmaydi.

Oldingi ba’zi shariatlarda gapirmay ro‘za tutish mashru’ bo‘lgan. Hazrat bibi Maryam Iyso alayhissalomga homilador bo‘lganlarida odamlar turli savol-javoblar bilan ozor bermasliklari uchun Alloh taolo u kishiga o‘shanday ro‘za tutishni amr qilgan. Odamlar gapga solmoqchi bo‘lsa, u kishi ishora qilish bilan o‘zlarining ro‘za tutganlarini bildirganlar. Iyso alayhissalom tug‘iliboq o‘zlarining Allohning bandasi ekanliklari va kelajakda u kishiga bir kitob (Injil) berilib, payg‘ambar bo‘lishlari haqida xabar berganlar. Beshikdagi bolaning bunday gaplarni gapirishi aniqki, mo‘’jiza edi. U zotning bu mo‘’jizasi bilan onalari bibi Maryamning pokizaligi ham isbot bo‘ldi.

Hazrat Soib Qur’oni Karimdagi mana shu qissaga ishora qilib: “Iyso alayhissalomning nutqi, ya’ni gapirishlari aslida onasining bir necha kun gapirmay yurishining samarasidir. Sen ham bekorchi gaplardan tilingni tiysang, natijada qalbingga hikmatli, yaxshi gaplar kela boshlaydi”, deydi.

U kishi qalbni dunyo qiblasi bo‘lmish Ka’baga, ikki ko‘zdan oqadigan yoshlarni esa hamisha ka’baning yonginasida oqib turadigan Zamzam suviga o‘xshatadi. Ka’baga yopishgan gardu g‘uborlar Zamzam suvi bilan yuvilganidek mo‘’min kishi o‘tkinchi dunyo tashvishlari, xato va gunohlar bilan kirlangan qalbini ko‘z yoshlari bilan yuvib poklaydi. Zamzam suvini Ka’baning yonginasidan oqizib qo‘ygan, qalblarni yuvadigan suvni esa buloq kabi ko‘zlardan oqizib qo‘ygan mehribon Rabbimizga hamdu sanolar bo‘lsin!

Qosim Nonutaviy ham ko‘z yoshi haqida shunday deydilar: “Bilamizki, chet eldan kelgan (import) molning narxi baland bo‘ladi. Allohning beniyoz dargohida hamma narsa mavjud. U dargohda ko‘z yoshi yo‘q, xolos. Shuning uchun Alloh taolo ko‘z yoshiga katta baho beradi”.

Yorqinjon domla Fozilov (rahimahulloh)

Manba: ukkosha.shosh.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qalb g‘uborini ketkazish