Bolaning sochini tez-tez kal qilish uni qalinlashtiradimi?

Ko‘p ota-onalar bolasining sochi qalin va mustahkam o‘sishini istab, uni bir necha marta kal qilib oldiradi. Ayrimlar bu usulni yillar davomida sinab ko‘radi. Ammo tibbiy tadqiqotlar bu odat sochni qalinlashtirishini tasdiqlamaydi.
Sochni kal qilish — uni qalinlashtirishning usuli emas. Sochning qalinligi, rangi va o‘sish tezligi asosan irsiyat, gormonlar hamda soch follikulalarining xususiyatlariga bog‘liq. Sochni qirqish yoki ustarada olish esa teri ostida joylashgan follikulalarga ta’sir qilmaydi. Bu haqda Mayo Clinic tibbiy mutaxassislari ham ma’lumot bergan.
Unda nima uchun soch qalinroq ko‘rinadi?
Buning oddiy izohi bor. Soch qirqilganda uning uchi tekis bo‘lib qoladi. Qayta o‘sish jarayonida qisqa sochlar qo‘lga dag‘alroq sezilishi va ko‘zga qalinroq ko‘rinishi mumkin. Ammo bu soch tolalarining haqiqatan ham yo‘g‘onlashganini anglatmaydi.
Bolaning sochi qalin o‘sishi uchun nima qilish kerak?
Bolaning sochi sog‘lom o‘sishi uchun muvozanatli ovqatlanish, yetarli oqsil va zarur ozuqa moddalarini olish, bosh terisini toza saqlash muhim. Sochni tez-tez kal qilish shart emas. Agar bolaning sochi sezilarli darajada to‘kilsa, ayrim joylari ochilib qolsa yoki bosh terisida o‘zgarishlar kuzatilsa, pediatr yoki dermatologga murojaat qilish kerak.






























Izohlar 0
…