Qog‘oz kitob va planshet taqqoslandi: natija olimlarni ham ajablantirdi

Qog‘oz kitob o‘qish hikoya detallarini yaxshiroq bog‘lash va eslab qolishga yordam beradi. Yaponiyalik olimlar o‘tkazgan tadqiqot natijalari PLOS One jurnalida e’lon qilindi.
Tokio universiteti olimlari o‘qish formati miya faoliyatiga qanday ta’sir qilishini o‘rgandi. Tajribada 25 nafar talaba ishtirok etdi. Ular yapon komiksining bir qismini qog‘oz kitob yoki planshet orqali o‘qib chiqqan. Keyin esa hikoyaning ikkinchi qismi bilan tanishib, syujet bo‘yicha savollarga javob bergan.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, har ikki guruhda ham javoblarning aniqligi deyarli bir xil bo‘lgan. Biroq planshetda o‘qigan ishtirokchilar hikoyaning turli qismlaridagi ma’lumotlarni bog‘lashni talab qiluvchi savollarga javob berish uchun ko‘proq vaqt sarflagan.
MRT tahlillari qog‘oz kitob o‘qiganlarda tilni qayta ishlash va voqealar ketma-ketligini shakllantirishga mas’ul bo‘lgan miya sohalari kamroq faollashganini ko‘rsatgan. Bu esa ma’lumotlarni tushunish uchun kamroq kuch talab qilinganini anglatadi.
Olimlar buni qog‘oz kitobning jismoniy xususiyatlari bilan izohlamoqda. Sahifalarning joylashuvi va o‘qish jarayonini his qilish imkoniyati miyada voqealarning “fazoviy xaritasi”ni shakllantirib, ma’lumotlarni yaxshiroq eslab qolishga yordam beradi.
Tadqiqot mualliflariga ko‘ra, raqamli o‘qish matnni tushunishni yomonlashtirmaydi. Ammo xuddi shu natijaga erishish uchun planshet foydalanuvchilari ko‘proq vaqt va kognitiv resurs sarflaydi.





























Izohlar 0
…