Nega yoz kechalari karavot yoniga piyoz qo‘yish tavsiya etiladi?

Yoz faslida chivin, pashsha va boshqa mayda hasharotlar ko‘payishi ko‘pchilik uchun noqulaylik tug‘diradi. Qiziq tomoni shundaki, xalq orasida asrlar davomida qo‘llanib kelinayotgan oddiy bir usul bu muammoni yengillashtirishga yordam berishi mumkin.
Manbalarga ko‘ra, o‘rta asrlardayoq odamlar piyozni to‘rt bo‘lakka bo‘lib, karavot yoniga qo‘yib uxlash yo‘talni yengillashtirishini kuzatishgan. Keyinchalik, 1990-yillar boshlarida ayrim shifokorlar ham bu usul gripp va shamollash alomatlarini kamaytirishga yordam berishi mumkin, degan fikrda bo‘lib, bemorlariga sinab ko‘rishni tavsiya etgan. Aytilishicha, piyozni bosh tomonga yaqin qo‘yib uxlagan ayrim bemorlar shamollashdan tezroq sog‘ayganini bildirgan.
Bu qarashning asosida piyozning tabiiy antibakterial xususiyatlari yotishi aytilgan. Biroq bugungi kunda zamonaviy ilm-fan piyozni karavot yoniga qo‘yish gripp yoki shamollashni davolashiga oid ishonchli ilmiy dalillarni tasdiqlamagan. Shu sababli mazkur usulni tibbiy davolash o‘rnida qabul qilish tavsiya etilmaydi.
Shunga qaramay, to‘g‘ralgan piyoz boshqa jihatdan foydali bo‘lishi mumkin. Uning o‘ziga xos o‘tkir hidi uyga kiruvchi pashshalarni bezovta qilishi, hatto chivin va chumolilarni ham uzoqlashtirishi mumkin. Shu bois ayrimlar yoz kechalari uni tabiiy hasharot qaytaruvchi vosita sifatida ishlatadi.
Bundan tashqari, piyoz tarkibida mavjud aminokislotalar organizmni tinchlantirishga yordam berishi va uyqu sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi haqida ham fikrlar mavjud.
Yana bir xalqona usulga ko‘ra, agar piyoz chivin chaqqan joyga surtilsa, uning yallig‘lanishga qarshi xususiyatlari tufayli teridagi qizarish, achishish va qichishishni biroz yengillashtirishi mumkin.
Mutaxassislar esa bu kabi usullardan foydalanish mumkinligini inkor etmas ekan, kasalliklarni davolashda ilmiy asoslangan tibbiy tavsiyalar va shifokor maslahatiga tayanish muhimligini eslatadi.






























Izohlar 0
…