19:13 / 16.07.2018
4 301

Kuzatuv

Kuzatuv
Oqshom osmonida kezardim erkin,
Moziyni hozirda kuzatdim shu on.
Millatga sharaf-shon bo‘lganlar, sekin
Birma-bir zaminda bo‘ldi namoyon.

Mudarris bo‘lurga madrasamizda
Imomi A’zamdan qo‘yildi nomzod.
«Istimdod» va «mazhab» so‘ralur bizda,
«Vahhobiy» deyildi javob bergan zot.

Buxoriy hadisdan dars boshlab edi,
«Mazhabing, millating nedir?» dedilar.
To‘qima hadislarni bo‘hton deb edi,
«Yolg‘onchisan» deyib, boshin yedilar.

Riyoziyot ochdi Xorazmiy, biroq,
Alloh nomi bilan so‘zi quyildi.
«Dinni tiqishtirdi ilmga», «qoloq»,
«Mutaassib», deya tamg‘a qo‘yildi.

Oliygohga ustoz keldi – Beruniy,
Bashariy ilmlar dahosi edi.
«Terrorchi!» dedilar ko‘rib shu oniy,
Soqolu sallasi bahosi edi.

Tabobat otasi Sino farzandi,
Hamdu sano bilan boshladi Qonun.
Xurofotchi deyib qildilar bandi,
«Shifo Allohdandir», degani uchun.

Hazrati Naqshband boshladi irshod,
Shirku bid’atlarga qarshi hayqirib.
Uni o‘ldirdilar, so‘ng qilib ijod,
Qabrin aylandilar, sajdalar qilib.

Davlat xizmatiga kelmish Temurbek,
Soqolin tutdilar: «Bu ne hol, taqsir?!
Sharmanda qilding‑ku, senmi, hali, bek?!»
Sohibqiron derdi: «Erkakman, axir!»

Ulug‘bek Zij ushlab taxtga o‘tirdi,
Qo‘llari el uzra, ko‘zi osmonda.
«Namozxon» ekan u, hukm o‘qildi,
Taxtu rasadxona qoldi armonda.

Mir Alisher keldi, adabiyotdan
Ustozlik qilgani shuaro aro.
Rahbariyat talab qildi ul zotdan:
«Gap yo‘q, agar aytsa Sulton Bayqaro».

Keldi Umar besh yosh o‘g‘lin yetaklab
Madrasaga, to‘g‘ri kelmadi yoshi,
Zahiruddin bo‘lsin, degandi, ajab,
Masjiddan quvildi, egildi boshi.

Ba’zilar oldida epsiz ko‘rindi
El mulkin sovurgan Amir Olimxon.
Ko‘cha ayol, Aqrab bobo kelgandi,
Hamiyatdan o‘zin qatl etdi arslon.

Momo keldi, o‘g‘lin g‘amini yerdi,
Ro‘molidan tortib, bulg‘adi yerga.
Fohisha kiyimin kiyasan, derdi,
Momo hayron edi ne javob derga.

Qodiriy kuzatar adabiyotni,
«O‘tkan kunlari»dek asar yo‘q edi.
Asar-ku, mayliga, boqsa atrofga,
O‘tkan kunlaridan asar yo‘q edi.

Ular tanimasdi farzandlarini:
«Ne uchun bu avlod o‘zligin xo‘rlar?»
Burgutni o‘ldirib, tuxumlarini
Palapon ochgandi o‘laksaxo‘rlar!

Kim ekan bu avlod – lol qotgan edim –
Qaysi millat, qaysi din vakillari?
Tush ekan, xayriyat, uyg‘onib ketdim,
Qurib ketsin tushning shum hazillari!

Yaxshi ham o‘tmishda qolmish u ummat,
O‘zingga shukrlar, ey Parvardigor!
Har kimga istagin bermog‘ing hikmat:
Ularga peshvolik, bizga iftixor!
Husaynxon ABU UBAY

Istimdod – marhumlardan madad so‘rash.
Zahiruddin – Din yordamchisi, dinni qo‘llab‑quvvatlovchi. Mirzo Boburning laqabi.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Kuzatuv