Manuyel Noyer beshinchi jahon chempionatida maydonga tushdi

Germaniya milliy jamoasi darvozaboni Manuyel Noyer JCH-2026 guruh bosqichidan o‘rin olgan Kyurasaoga qarshi uchrashuvni asosiy tarkibda boshladi. Shu tariqa, tajribali posbon faoliyatidagi beshinchi jahon chempionatida ishtirok etdi.
40 yoshli darvozabon uchun bu mundial milliy jamoa safidagi so‘nggi yirik turnir bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, Noyer hali ham Germaniya terma jamoasi darvozasida muhim figura sifatida qolmoqda.
Manuyel Noyer ilk bor 2010 yil Janubiy Afrika Respublikasida o‘tkazilgan jahon chempionatida ishtirok etgan. O‘sha paytda u «Shalke» klubi sharafini himoya qilardi. Mazkur turnirdan keyin esa darvozabon Myunxenning «Bavariya» klubiga o‘tib, faoliyatida yangi bosqichni boshlagan.
JARdagi mundialda Noyer Germaniya terma jamoasi safida 6 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Oradan to‘rt yil o‘tib, Braziliyada o‘tkazilgan JCH-2014da u faoliyatidagi eng katta yutuqlardan biriga erishdi. Germaniya milliy jamoasi o‘sha turnirda jahon chempioni bo‘lgan, Noyer esa barcha 7 ta o‘yinda darvozani qo‘riqlagan.
Keyinchalik u Rossiyadagi JCH-2018 va Qatardagi JCH-2022da ham Germaniya terma jamoasi safida ishtirok etdi. Biroq nemislar so‘nggi ikki mundialda kutilgan natijani ko‘rsata olmagan va guruh bosqichidan keyin musobaqani tark etgan edi.
Noyer zamonaviy futbol tarixidagi eng kuchli darvozabonlardan biri sifatida e’tirof etiladi. U nafaqat seyvlari, balki oyoq bilan o‘yinni boshlash mahorati va “sviper-kiper” uslubini yangi darajaga olib chiqqan posbon sifatida ham futbol tarixida o‘z o‘rniga ega.
Uning beshinchi jahon chempionatida maydonga tushishi Germaniya futboli uchun ham, butun jahon futboli uchun ham muhim voqea bo‘ldi. Bunday darajada uzoq yillar barqaror o‘ynash — oson ish emas. Noyer esa yana bir bor o‘zining katta sahna futbolchisi ekanini isbotladi.






























Izohlar 0
…