Qarishni sekinlashtirish yo‘li topildi: olimlar yangi kashfiyot qildi

Qarishni sekinlashtirish yo‘li topildi: olimlar yangi kashfiyot qildi

Londonning Imperial kolleji olimlari qarish jarayonini sekinlashtirish va yoshga bog‘liq kasalliklar xavfini kamaytirishga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan yangi mexanizmni aniqladi. Tadqiqot davomida mutaxassislar sichqonlarda S6K1 oqsilini ishlab chiqarishni cheklash uzoqroq umr ko‘rishga yordam berishi hamda organizmni qarish bilan bog‘liq qator xastaliklardan himoya qilishi mumkinligini aniqladi. Olimlar uzoq yillardan buyon S6K1 qarish jarayoni va yoshga doir kasalliklarni tartibga soluvchi muhim oqsillardan biri ekanini ta’kidlab keladi.

Izlanish jarayonida tadqiqotchilar keksa eksperimental sichqonlarda mazkur genni bloklab, uning salomatlik va umr davomiyligiga ta’sirini o‘rgandi. Natijalarga ko‘ra, S6K1 jigarda joylashgan bo‘lib, hujayra o‘sishi va moddalar almashinuvini boshqaruvchi mTOR signal yo‘li orqali faoliyat yuritadi.

Olingan natijalar shuni ko‘rsatdiki, S6K1 faoliyatini cheklash organizmdagi ortiqcha yallig‘lanishni kamaytirib, hujayralar qarishini sekinlashtirgan. Olimlarning qayd etishicha, qarigan hujayralar ko‘payishi yallig‘lanish jarayonlari kuchayishi, suyak mustahkamligining pasayishi, tanadagi yog‘ miqdorining o‘zgarishi va qonda qand miqdorining oshishi kabi muammolarni keltirib chiqaradi.

Mualliflar fikricha, S6K1 oqsilini chuqurroq o‘rganish kelajakda qarish bilan bog‘liq kasalliklarni davolashning yangi usullarini ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin. Biroq bu texnologiyani inson organizmida qo‘llash uchun hali qo‘shimcha ilmiy tadqiqotlar va sinovlar talab etiladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Aziza Shukhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar