«Real» Mark Kukurelya transferi bo‘yicha kelishuvga erishdi...

«Real» Mark Kukurelya transferi bo‘yicha kelishuvga erishdi...

Madridning «Real» klubi «Chelsi» himoyachisi Mark Kukurelya transferi bo‘yicha muhim kelishuvga erishdi. Bu haqda taniqli insayder Fabritsio Romano xabar bermoqda.

Manbaga ko‘ra, klublar va futbolchining o‘zi o‘rtasida og‘zaki kelishuv mavjud. Madridliklar Kukurelyani jamoaning chap qanot himoyasidagi asosiy variantlardan biri sifatida ko‘rmoqda.

«Real» bosh murabbiyi Joze Mourinio aynan shunday uslubdagi futbolchini o‘z tarkibida ko‘rishni xohlagan. Kukurelya himoyada faol harakat qilishi, qanot bo‘ylab hujumlarga qo‘shilishi va yuqori intensivlikda o‘ynay olishi bilan ajralib turadi.

27 yoshli futbolchi «Real» safiga Jahon chempionatidan so‘ng qo‘shilishi kutilmoqda. Hozircha transferning moliyaviy tafsilotlari ochiqlanmagan, ammo tomonlar kelishuvni yakuniy bosqichga olib chiqqan.

Mark Kukurelya «Barselona» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U faoliyati davomida Ispaniyaning «Eybar» va «Xetafe» klublarida, shuningdek Angliyaning «Brayton» va «Chelsi» jamoalarida to‘p surgan.

O‘tgan mavsumda Kukurelya Angliya Premer-ligasida 34 ta uchrashuvda maydonga tushib, 1 ta gol va 4 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Uning barqaror o‘yini va katta tajribasi «Real» uchun foydali bo‘lishi mumkin.

Qizig‘i, Kukurelya «Barselona» tarbiyalanuvchisi bo‘lsa-da, endi uning faoliyati «Real» bilan bog‘lanmoqda. Futbolda syujet twist degani shu bo‘lsa kerak. Agar transfer rasman tasdiqlansa, u Madrid klubining yangi mavsum oldidan himoya chizig‘ini kuchaytirish yo‘lidagi muhim xaridlaridan biriga aylanadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar