15:00 / 08.02.2019
5 274

Serial va axloq: nega "buzilish"ga moyilmiz?

Serial va axloq: nega "buzilish"ga moyilmiz?
Ba’zilarning fikricha, jamiyatda axloqsizlik va buzuqlikning urchishiga multimediya mahsulotlari, jumladan seriallarning aloqasi yo‘q. Ko‘pchiligining xorijda yashagani yoki yashayotganini inobatga olsak, ilgari surayotgan argumentlarni inkor etib bo‘lmaydi. Chunki ular yashayotgan davlat va jamiyatlarda odamlar ongi media vositasida boshqarilmasligi mumkin (AQShda Trampning g‘alabasiga rus propagandasining aloqasi bo‘lmagani kabi). Ammo muhit va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy omillar ham borki, seriallar bevosita yoki bilvosita odamlar ongiga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini rad eta olmaymiz.

Birinchi va eng asosiy omil – moddiy, iqtisodiy muammolar. O‘zbekiston aholisining katta qismi (bo‘lib ham asosiy vaqtini serial ko‘rishga sarflaydigan odamlar) daromadi o‘rtachadan past. Bor-yo‘g‘i 1 foiz aholining oylik daromadi 1,6 mln so‘mdan yuqorini tashkil etadi (YuNISEF), 10 foizga yaqin aholi to‘yib ovqatlanmaydi (Jahon banki).

Kam daromadli oilalarda asosiy e’tibor qorin to‘ydirish, ro‘zg‘or tashvishlari, mayda maishiy muammolarga qaratiladi. Natijada farzandlar tarbiyasi va ta’limida uzilishlar kuzatiladi. Ota-onalar ro‘zg‘or va yeb-ichish dardidan ortib bolalariga yetarlicha vaqt ajratolmaydi; ularni seriallar yoki boshqa tashqi ta’sirlardan himoya qilish qurollari va usullariga ega emas; bolalari uchun muqobil takliflarni ilgari sura olmaydi.

Aksiga olib bugungi O‘zbekistonda maktabdan tashqari ta’lim pulli yoki xarajatlarni talab qiladi. Yaqinda davlat ta’lim muassasalarining sport inshootlarida pullik xizmat ko‘rsatuvchi sport to‘garaklari tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hukumat qarori qabul qilingani bu boradagi vaziyatni yanada og‘irlashtirishi aniq.

Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj toifadagi oilalar kitoblar, rivojlantiruvchi o‘yinlarga ham pul orttirishi, bolalar bilan tarbiyaviy-ma’rifiy suhbatlar, sayohatlar va mashg‘ulotlar uyushtirishi qiyin. Aksincha, qambag‘allik, yetishmovchiliklar ortidan ota-onalarda loqaydlik, yeb-ichish, qorin to‘ydirish, ichkilikbozlik (juda ko‘plab aholi punktlarida spirtli ichimliklar hayot mashaqqatlarini unutishning yagona vositasi sifatida ko‘riladi) kabi illatlar avj olgan, erkaklar asosiy bo‘sh vaqtlarini ko‘chada, choyxona, to‘yxona, oshxonalarda o‘tkazsa, ayollar g‘iybat, serial, mehmondorchiliklar va boshqa mayda-chuyda maishiy tashvishlarga sarflaydi.

Bunday odamlar uchun ma’rifat, ma’naviyat, axloq degan tushunchalar begona, yot va kulguli hisoblanadi.

Ikkinchi muhim omil – diniy savodxonlik. Har qaysi jamiyatda odob-axloq diniy qadriyatlar ustiga qurilgan. U xoh Islom, xoh xristian, xoh yaxudiylik bo‘lsin, odamlarni «buzilish»dan saqlab kelgan.

Ammo so‘nggi vaqtlarda (avvallari ham) mamlakatda islomofobiya avj olmoqda. Odamlar axloq va ma’naviyatning asosidan sun’iy ravishda uzoqlashtirilmoqda.

Jamiyat ongida vujudga kelayotgan ma’naviy bo‘shliqni multimedia mahsulotlari – seriallar, pornografiya, sayoz qo‘shiq va kliplar to‘ldirmoqda. Natijada to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki ongostida taqqoslash, solishtirish, taqlid qilish holatlari paydo bo‘lmoqda. O‘z hayoti, turmush o‘rtog‘i, farzandlari, ota-onalarini kino, serial, klip va porno mahsulotlar qahramonlariga, holat va vaziyatlarga solishtirmoqda va hokazo.

Agar O‘zbekistonda ham rivojlangan davlatlardagi kabi ta’lim sifati ortib, yoshlar oliy ta’limga ko‘proq qamrab olinsa, odamlar mayda maishiy tashvishlar tuzog‘idan qutilib, qorin to‘ydirish, uy qurish, mashina olish g‘amidan xalos bo‘lsa, diniy erkinliklar ta’minlansa, undan keyin seriallar odamlar ongiga yomon ta’sir qiladi, degan gaplarning ustidan kulib, inkor eta olamiz...
Sanjar SAID

Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Hayot tarzi » Serial va axloq: nega "buzilish"ga moyilmiz?
[/banner_pushhouse