07:31 / 09.02.2020
4 978

Umrni uzaytirishning oddiy yo‘li

Umrni uzaytirishning oddiy yo‘li
Kishilarga ezgulik ulashish bandani dunyo va oxiratda baxtli qiladi. Yaxshilik urug‘larini ekkan odam hech qachon afsuslanmaydi. Kuni kelib uning totli mevasini ko‘radi. Yaxshilik qilgan odamning umriga baraka kiradi. Bu haqida nabaviy hadis naql qilingan.

Savbon roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kishi gunohlari tufayli o‘ziga kelayotgan rizqdan, albatta mahrum bo‘ladi. Qadarni faqatgina duo qaytaradi. Umrni faqat yaxshiliklar uzaytiradi”, deganlar” (Ahmad “Musnad”da, Tabaroniy “Kabir”da va Ibn Hibbon “Sahih”da rivoyat qilgan).

Bu yerda aytilishicha, yaxshilik kishi umrini uzaytirar ekan. Xo‘sh, bunga sabab nima? Ma’lumki, odam tanasidagi barcha hujayralar, to‘qimalar tizimini boshqarish, tartibga solish, ularning bir-biri bilan o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash asab tizimiga yuklatilgan. Kishining ruhiy holati, jumladan xafa yoki xursand bo‘lishi, g‘am-tashvish chekishi asab tizimiga salbiy ta’sir ko‘rasatadi.

Agar kishi ruhan siqilsa yoki g‘azablansa, bu insonning har bir a’zosiga katta ziyon bo‘ladi. Aksincha, kishi biron odamga chin dildan biron yaxshilik qilganida qalbida huzur-halovat his qiladi. Ezgulik qilgan odam ko‘nglidagi har qanday xiralik, g‘illu g‘ashlar tarqaydi. Bu narsa uning asab tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Natijada kishi a’zolarining faoliyati yaxshilanadi.

Odamlarga yaxshilik qilgan bandani Alloh ne’mati bilan siylaydi, umrini uzoq qiladi, farishtalar ham uning haqqiga yaxshilik so‘rab Allohga ertayu kech duo qiladilar. Qolaversa, yaxshilik ko‘rgan odam o‘sha ishni qiluvchi haqiga: “Umringdan baraka top, umring ziyoda bo‘lsin”, deb chin dildan duo qiladi.

Shu yerda “hamma yaxshilik qiluvchilarning ham umri uzoq bo‘lavermaydi-ku?” degan savol tug‘ilishi mumkin. Garchi yaxshilik qilgan odamning umri yil hisobida ziyoda bo‘lmasa-da, uning hayoti ma’nan uzayadi: umriga baraka kiradi. Hayotda shunday odamlarni ko‘ramiz. Ularning umri oddiy kishilarniki kabi o‘tadi. Ammo ular amalga oshirgan ishlarni qilishga, ta’bir joiz bo‘lsa, asrlar ham kamlik qiladi.

Xullas, odamlarga yaxshilik qilish faqat xunsandchilik keltiradi. Aksincha, yomonlik qilish, zulm o‘tkazish odamni ko‘p narsadan mahrum qiladi. Yomonlik qiluvchining umri ba’zida uzoq bo‘lishi mumkin, lekin bunday odamning umrida baraka bo‘lmaydi, butun hayoti behuda ishlar bilan o‘tib ketadi.

Shuning uchun har bir inson ezgulik yo‘lida sa’y-harakat qilsa, umriga, rizqiga baraka kiradi, hayoti osuda, qalbi xotirjam bo‘ladi. Zero, yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir.

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Umrni uzaytirishning oddiy yo‘li