19:39 / 03.05.2020
3 978

Hayotiy quvvatni ko‘tarishga yordam beruvchi 5 ta tavsiya

Hayotiy quvvatni ko‘tarishga yordam beruvchi 5 ta tavsiya
Foto: Freepik
Ba’zida bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar qalashib yotadi, lekin madorsizlik, energiya yetishmasligi ularni bajarish vaqtini keyinga surishga sababchi bo‘ladi. Quyida o‘zingizni yaxshi his etishga ko‘maklashuvchi tavsiyalarni keltiramiz.

Tiniqib uxlang, to‘g‘ri ovqatlaning
Ruhiy holatni yaxshilashdan avval jismoniy charchoqlarni istisno qilish kerak. Uyqu va to‘g‘ri ovqatlanishni yaxshilashga harakat qiling, chunki ish samaradorligi tiniqib dam olish va iste’mol qilgan taomlarga bog‘liq bo‘ladi. Buning uchun, albatta, parhez qilish shart emas shunchaki iste’mol qilinadigan mahsulotlar makro va mikroelementlarga boy, foydali bo‘lsa bo‘lgani.

To‘yib 7 soat uxlash, bezovta 9 soatlik uyqudan yaxshiroq ekanini unutmang. Budilnik chalganidan keyin yana yarim soat yotoqdan turmaslik ham sizning kuchingizni ko‘paytirib qo‘ymasligini yodda tuting. Eng asosiysi, yotishdan avval telefoningizni o‘chirishni unutmang.

Kuningizni to‘g‘ri boshlang
Tongni faol qarshi oling: jismoniy mashqlar bajaring, quvnoq musiqa tinglab raqsga tushing va eng asosiysi, qilinishi kerak bo‘lgan ishlarni kunning birinchi yarmida bajaring. Issiq qahva ichib bekorchi xayol surib o‘tirish yoqimli tuyulishi mumkin, lekin bu o‘zingizni aldash va vaqtni behuda o‘tkazish degani. Ishlaringizni tushlikka qadar bajarib oling, dam olish, rohatlanishni kunning ikkinchi yarmiga qoldiring.

Ishga mukkasidan ketmang
Ishni sevish yaxshi, lekin mukkasidan ketish yaramaydi. Hamma ham charchoq bo‘lgani uchungina faoliyat sohasini o‘zgartira olmaydi shu bois, ora-orada o‘zingizga vaqt ajrating: toza havoga chiqing, xonadagi gullarga suv quying, shokolad yeng, qahva iching nima qilsangiz qiling, xullas, o‘zingizni siylang.

Sizni nima ilhomlantirishini ro‘yxat qiling
Nima qilgandan keyin o‘zingizni yaxshi his qilishingizni aniqlab oling va ularni ro‘yxatini tuzing. Kitob o‘qish, musiqa tinglash, suratga olish farqi yo‘q o‘zingizdan kelib chiqib minimum 10 mashg‘ulotni yozing. Ro‘yxat tuzgandan keyin qay birini bajarish sizning hozirgi vaziyatingizga to‘g‘ri kelsa shuni bajarishga harakat qiling. Masalan, ro‘yxatingizda muzqaymoq yeyish va sayohat qilish bor, lekin ayni vaqtda ishdasiz. Vaziyatga real baho bering va hozircha muzqaymoq yeb turing, sayohat qilishni bo‘lsa ta’til vaqtingizga to‘g‘rilang.

Negativ fikrlarni miyangizdan chiqarib tashlang
Ruhiy charchoq va passivlikka miyangiz kerak-kerakmas o‘y va xayollarga to‘laligi sabab bo‘lishi mumkin. Aytilmagan gaplar, xafagarchilik, tugallanmagan ishlar kishining tinkasini quritadi. Qalam va qog‘oz oling, o‘zingizni bo‘sh qo‘ying va sizni qiynayotgan o‘y-xayollarning barini yozing. Bunday usul miyani «keraksiz axborotlar»dan tozalashga va muammolarga tashqaridan qarashga yordam beradi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Hayotiy quvvatni ko‘tarishga yordam beruvchi 5 ta tavsiya