O‘zbekistonda yoqilg‘i narxlari yana oshdi

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, avgust oyida O‘zbekistonda inflyatsiya 0,2 foizni tashkil etdi. Yillik inflyatsiya esa 6,2 foiz bo‘ldi. Oy davomida oziq-ovqat mahsulotlari 0,4 foiz, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,2 foiz, xizmatlar narxi 0,1 foizga oshdi.
Eng yuqori inflyatsiya Toshkent shahrida qayd etildi. Poytaxtda avgust oyida narxlar 0,3 foizga, yillik hisobda esa 6,8 foizga qimmatlagan.
Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari orasida sabzi narxi 9,2 foizga, piyoz 6,2 foizga, guruch 2,2 foizga, tuxum 0,8 foizga, go‘sht 0,7 foizga oshdi. Pomidor narxi 1,1 foizga, bodring esa 1,5 foizga ko‘tarildi.
Yoqilg‘i narxlarida ham o‘sish davom etdi. Avtomobil benzini markasiga qarab bir oyda 6,7 foizgacha qimmatladi. O‘rtacha o‘sish 1,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, yillik hisobda benzin narxi 20,2 foizga oshgan.
Propan narxi avgust oyida 5,8 foizga ko‘tarildi. Bir yil davomida ushbu yoqilg‘i 41,4 foizga qimmatlagan.
Yoqilg‘i narxlarining oshishi transport xizmatlari qiymatiga ham ta’sir qilgan. Aviatsiya xizmatlari narxi 1,7 foizgacha, avtomobil transportida tashish xizmatlari esa 0,6 foizga oshgan.
Avgust oyining so‘nggi qismida ijara haqi ham ko‘tarildi. Statistika qo‘mitasi ma’lumotida turar joy ijarasi 0,4 foizga qimmatlagani qayd etilgan.
Shuningdek, dori vositalari narxida ham o‘sish qayta kuzatildi. Avgust oyida ular 0,2 foizga qimmatlagan.



























Izohlar 0
…