
Bugun yoshlarning ta’limi yoki ilm-fanga bo‘lgan e’tibor haqida so‘z yurtilganda o‘tgan yillarga nisbatan ancha o‘zgarishlar bo‘lgani e’tirof etiladi. Afsuski, yillar davomida ta’limdan ko‘ra sportga rag‘bat ko‘p bo‘ldi. Xalqaro darajadagi yutuqlarda asosan sportchilarimiz mukofotlandi. Natijada ta’limning sifati va yoshlarning ilm olishga bo‘lgan qiziqishi kamaydi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ham bilimli yoshlarning noo‘rin mukofotlangani ba’zan afsusga va ba’zan kulgiga sabab bo‘ldi. Bugun vaziyat biroz o‘zgargan. Biroq, buni yetarli deyolmaymiz. Sababi, yoshlarning bilim olishi va ta’limida muammolar bor. Albatta, bu holat ularning diniy bilimlarini yetshmasligi bilan bog‘liq. Shunday ekan, din va ta’limni birga olib borish va shu asosida yoshlarni ilmli bo‘lishi muhim masala.
AzonTV onlayn telekanali "Jumadan so‘ng" ko‘rsatuvida "Ilmli yoshlar yurt kelajagi" mavzusida Toshkent shahri “Imom Termiziy” jome masjidi imom-xatibi Is'hoqjon Begmatov bilan jurnalist No‘monjon Abdulmajid suhbati berildi. Mazkur ko‘rsatuvda Is'hoqjon domla yoshlarning ilm olishi borasida o‘z mulohazalarini bayon qildilar:
– Bugungi kunda O‘zbekiston fuqarolarining ko‘pchiligini yoshlar tashkil etadi. Biz yoshlardan unumli foydalaniishimiz kerak. Ularga sharoit yaratib berish juda muhim. Afsuski, ajdodlarimiz bilan faxrlanib, o‘zimizdan g‘ururlanish bilan cheklanib qolyapmiz. Biroq, bu bilan ish bitmaganini yillar davomida ko‘rdik. Shu sabab ajdodlarimizni ilm yo‘lidagi qiyinchiliklarini ham aytish lozim.
Chunki, hozir yoshlar ilm o‘rganayotganda qiyinchiliklar, to‘siqlarni aytib bahonalar qilishadi. Tarixda ajdodlarimiz bizga nisbatan bir necha barobar ko‘p mashaqqatlarni yengib o‘tishgan. Ilmning darajasi haqida gapirganda Luqmoni Hakim shunday deganlar: “Kim molu dunyoni istasa, shu dunyoda aziz bo‘lishni istasa shu bilan shug‘ullansin. Kim oxiratda aziz bo‘lishni tanlasa zohidlik bilan shug‘ulalnsin.
Kimki dunyoda ham oxiratda ham aziz bo‘lishni istasa ta’lim bilan, tolibi ilmlik bilan mashg‘ul bo‘lsin” deganlar. Masalan, g‘arb olamidagi musulmon bo‘lmaganlar ilm-ma’rifat bilan shug‘ullandilar. Ular uchun o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotlarni butun dunyo talab qilishi kerak edi. Va ularga Alloh taolo musulmon bo‘lmasa ham harakati uchun natijani berdi. Biz musulmonlarda amalda bo‘lmagani uchun dunyo xazinalariga erisholmaymiz va Allohning o‘zi asrasin shu turish bo‘lsa oxiratdagi sharafga ham erishish muammo bo‘lib qoladi.
– Islom dini hamisha insonlarni ilm olishga targ‘ib qiladi. Lekin shunday bo‘lsada ayrim musulmon davlatlari nega uchinchi dunyo davlatlariga aylanib qolishdi?
– Sababi shariatga amal qilmaslik. Musulmon bo‘lmaganlar reja asosida musulmonlarning hayot kechirishini belgilab berdi. Ular bu maqsadiga erishish uchun asrlar davomida kurashdi va 17-asrda bunga erishdi. 20-asrga kelib esa to‘liq qo‘lga olishdi. Natijada ilm-ma’rifatga bo‘lgan rag‘batni shariat bo‘yicha amaliyotga tadbiq etishda oqsoqlikka yuz tuta boshladik. Hatto, ular dinni o‘rganadigan bo‘lsak dunyo bo‘yicha qoloq bo‘lib qolamiz degan da’voni ilgari surdi. Afsuski, diniy ilm va dunyoviy ilm deb ajratish boshlangandan beri musulmonlar qoloqlikka yuz tuta boshladi. Diniy ilmlar hech qachon zamondan orqada qolmaydi. Islom dini deganda namoz o‘qish, zakot berishnigina tushunish xato. Bunda ilm olish muhim.
– Musulmon uchun birlamchi ilmlar qaysi?
- Birinchi Robbisini tanish, ya’ni aqida ilmi. Sababi Allohni tanishi, kelgusida gunoh ishlarni qilmasligi va boshqa dinni qabul qilib murtad bo‘lib qolmasligi uchun zarur. Har bir musulmon Qur’onni xatm qila oladigan darajada savodli bo‘lishi kerak. Bitta katta sura yoki uchta kichik surani yoddan bilishi kerak. Aslida barcha ilmlarning o‘zagi Qur’oni Karimda jamlangan. Tarixga qaytadigan bo‘lsak ajdodlarimizning yutug‘i Qur’on orqali bo‘lgan. Masalan, Ibn Sinoni hamma tibbiyot sohasida deb bilishadi. Asosiy sohasi falsafa bo‘lgan. Shuningdek ular 7 yoshida hofizi Qur’on bo‘lganlar.
– Bugun farzandlarimizning ta’limi haqida fikringiz qanday?
– Ilm olishning eng zo‘r davri bu yoshlik. Bu davrda bilim mustahkam joylashadi. Shu o‘rinda bir taklifimni aytmoqchiman. Sovet davrida majburiy 10 yillik ta’lim bo‘lgan va hozir 11 yillik. Shuni qisqartirish kerak. Tarixda ajdodlarimiz juda yosh ilm o‘rganishgan. Afsuski, hozir yoshlarimizni umrini behuda o‘tkazyapmiz. Boshlang‘ich ta’lim majburiy bo‘lsin. Bola 4-5 yil davomida matematikani, tarixni, dinni o‘rgansin. Keyingi bosqichda mutaxassislikka ajratish kerak. 14 yoshda qizlar va yigitlar o‘zgaradi. Afsuski yaxshi tarafga o‘tadiganlar 3-4 bolani tashkil etadi. 14 yoshdan keyin bolalar darslardan zerikadi. Natijada 1-4 sinfgacha yaxshi o‘qigan bola 11-sinfga kelib qoloq bo‘lib qolishi mumkin. Din bo‘yicha, irq bo‘yicha yoki zohiriy ko‘rinish bo‘yicha tabaqalash noto‘g‘ri.
Lekin ilm, dunyoqarash va farosat jihatdan tabaqalashga majburmiz. Qizil imperiya hammani bir hil qilamiz deb boy qilish qiyin bo‘lgani uchun barchani kambag‘alga aylantirdi. Ajdodlarimiz 14 yoshgacha kerak bo‘lsa ustoz darajasida bo‘lgan. Masalan, Imom Buxoriyning ustozi u bilan gaplashib seni ilming hadisga yaxshi ekan falonchi oldiga borib hadis o‘rgangin, deganlar. Ustozi yo‘naltira olgani uchun Buxoriy hazratlari hadis ilmining sultoniga aylandi.
- Farzandlarimizni telefon va televizorga bog‘lanib qolgani bugun eng katta muammolardan biri. Shunday emasmi?
- Rivojlangan mamlakatlarda maktablarda uyali aloqa vositalarini ishlatish ta’qiqlanadi. Tedefonsiz biz zamondan orqada qolamiz deydiganlar xato aytishadi. Faxshdan, buzuqlikdan orqada qolamiz. Bola telefonda o‘rganadiganini ustozidagn o‘rgansin. Afsuski, hali oq-qorani ajratolmagan bolaga telefonni berib qo‘yamiz. U hech narsani bilmaydi lekin hamma imkoniyatlari bor telefondan ko‘p narsani o‘rganadi. Telefon bilan aloqani uzish kerak. U faqat suhbatlashish, xabar olish vositasi bo‘lsin.
– Ilm olishda moddiyatning ahamiyati va ilm uchun foizga pul olsa bo‘ladimi?
– Ilm olishda yoki uni moddiy jihatdan rag‘batlantirishda harakat va o‘ziga ishonch muhim. Ilm uchun ehtiyojmand inson o‘ziga to‘q insonlarni oldiga borib ulardan ko‘mak so‘rashi mumkin. Yoki ulardan zakot talab qilishga haqqi bor. Ilm uchun foizga pul olishga keladigan bo‘lsak. Ilm farz qilingan amal uni xarom bo‘lgan sudxo‘rlik bilan aralashtirmaslik kerak.
– Bugungi kunda ta’lim tizimidagi munozarali masala maktab darsliklarining narxini 3 barobar oshgani bo‘ldi. Ota-onalar tomonidan noroziliklar bildirilmoqda. Bu borada fikringiz qanday?
– Ilmga pul sarflash kerak, lekin o‘z huquqini ham talab qilish joiz. Afsuski ayrim hususiy maktablarda narxi qimmat, lekin va’daga yarasha ilm yo‘q. Masalan, boshida faoliyati zo‘r bo‘ladi-da bola to‘plab olganidan so‘ng o‘zgaradi. Xotin-qizlar masalasiga keladigan bo‘lsak shifokor ayollar kam. Afsuski kelinimizni, qizimizni, ayolimizni erkak shifokor qo‘liga topshiryapmiz. Buning uchun Alloh oldida javob beramiz. Shifokorning erkak-ayoli bo‘lmaydi deyishadi bu noto‘g‘ri fikr. Ayolni ayol, erkakni erkak davolashi kerak.
– Shu o‘rinda Is'hoqjon domla yaqinda Amerikaga borib keldingiz. Taassurotlaringiz qanday?
– 2004 yilda ham Amerikaga borganman. O‘sha vaqtga nisbatan bugun vatandoshlarimizning moddiy jihatdan holatlari yaxshilangan va ahilligi oshgan. Afsuski yomon tomoni madaniyatini, tilini va o‘zligini unutishmoqda. Hatto dinidan kechganlar, vatanini sotganlar bor. Shu o‘rinda aytmoqchiman-ki ayrim ota-onalar rus maktabiga farzandini beradi. Tilni yaxshi o‘rganishi, xalqaro muomalada bo‘lgani uchun shunday istak bildirishadi. Bu noto‘g‘ri. Avvalo bola o‘z ona tilini bilishi kerak. O‘zga tilni o‘rganishda uni madaniyatini ham o‘rganadi. Lekin, ularning madaniyatidagi ayrim jihatlari biz uchun illat hisoblanadi. O‘z ona tilini, madaniyatini bilsagina o‘zga tillarni o‘rganishi osonligi ayni haqiqat.
“Jumadan so‘ng” ko‘rsatuvi asosida Kamola Adashboyeva tayyorladi

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar