15:30 / 17.09.2022
1 268

Eldor Aripov: “Samarqand sammiti barcha umidlarni oqladi”

Eldor Aripov: “Samarqand sammiti barcha umidlarni oqladi”
O‘zbekiston rahbari tomonidan ilgari surilgan Umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida Samarqand birdamligi tashabbusini SHHT sammitining asosiy voqeasi deb atash mumkin, deydi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov. Mutaxassisning aytishicha, prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifi Samarqand sammiti arafasida e’lon qilingan dasturiy maqolasining mantiqiy davomi bo‘ldi.

Kun.uz muxbiri SHHTning Samarqand sammiti borasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori, siyosiy fanlar nomzodi Eldor Aripov bilan suhbatlashdi.

– Oxirgi haftalarda jamoatchilik, OAVning diqqat-e’tibori Samarqandda bo‘lib o‘tgan SHHT sammitiga qaratildi. Bu voqea jahon siyosiy yangiliklarining eng yuqori pog‘onasida turibdi. Sizningcha, tadbirga bo‘lgan umidlar oqlandimi?
– Albatta, Samarqand sammiti barcha umidlarni oqladi. O‘zbekiston raisligi davrida amalga oshirilgan ulkan va mashaqqatli ishlar munosib yakunlandi. Nazarimda, Samarqanddagi sammit SHHT doirasida o‘tkazilgan eng yirik va eng nufuzli siyosiy tadbirga aylandi.

SHHT tarixida ilk bor sammitda 14 ta davlat yetakchilari va 10 ta xalqaro tashkilot rahbarlari ishtirok etdi. O‘zbekiston Sharqiy, Janubiy va Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Kaspiy dengizi mintaqasi davlatlari rahbarlarini bir maydonga to‘pladi.

Ular do‘stona muhitda "yuzma-yuz" muloqot qilish imkoniga ega bo‘lishdi. SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari norasmiy sharoitda umumiy dasturxon atrofida suhbat o‘tkazayotgan suratini hamma ko‘rgan bo‘lsa kerak. O‘ylaymanki, bu surat sammit bo‘lib o‘tgan ishonchli kayfiyat va muhitni juda yaqqol aks ettirdi.

Sammit arafasida uning natijalari qanday bo‘lishi haqida juda ko‘p turli taxminlar bor edi. Ba’zi ekspertlar uchrashuv shunchaki rasmiy, odatiy ruhda o‘tadi, deb ta’kidlagan edi.

Boshqalar esa, aksincha, o‘sib borayotgan global qarama-qarshilik sharoitida SHHTning yangi rolini bashorat qilishdi. Shanhay hamkorlik tashkiloti dunyoda yangi bo‘linish chiziqlari va bloklarini shakllantirish jarayonida ishtirok etishi bashorat qilingan edi. Bugun ishonch bilan aytish mumkinki, bu nuqtai nazarlarning hech biri o‘zini oqlamadi.

Samarqand sammiti SHHT nafaqat eng nufuzli xalqaro tashkilotlardan biri bo‘lib qolayotganini, balki o‘zining asosiy tamoyillari – blokdan tashqari maqom, uchinchi davlatlarga qarshi turmaslik, ochiqlik, konsensus, ishonch, o‘zaro manfaatdorlik, tenglik va o‘zaro hurmatga sodiqligini yana bir bor namoyish etdi.

O‘zbekiston prezidentining SHHT “tinchlik, hamkorlik va taraqqiyot yo‘lida birlashishga, ayirmachilik unsuridan xoli bo‘lgan jozibador makonga aylanishi lozim”ligi haqidagi murojaati ham o‘z tasdig‘ini topdi.

– Samarqand sammitining qanday amaliy natijalarini alohida ta’kidlagan bo‘lardingiz?
– Amaliy nuqtai nazardan, sammit juda qiziqarli va samarali bo‘ldi.

Ishtirokchi davlatlar energetika va oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi tanazzulning kuchayishi, mavjud logistika yo‘nalishlari va ta’minot zanjirlarining uzilishi, sayyoramizdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning yomonlashuvini e’tibordan chetda qoldirmadi.

Sammit doirasida 40 dan ortiq hujjat imzolangan bo‘lib, ularning aksariyati O‘zbekiston tomoni tashabbusi bilan tuzilgan va strategik ahamiyatga ega.

Samarqand sammitida qabul qilingan qarorlar chinakam yutuq bo‘lib, ular Shanhay hamkorlik tashkilotini kelgusi o‘nlab yillar davomida rivojlantirishning muhim vektorlari bo‘lib xizmat qiluvchi chinakam yangi strategik yo‘nalishlarni belgilab berdi.

Masalan, strategik hujjatlardan SHHTga a’zo davlatlarning Uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani amalga oshirish bo‘yicha 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan kompleks rejasi, shuningdek, iqlim o‘zgarishiga munosabat bo‘yicha SHHTga a’zo davlatlar rahbarlarining Qo‘shma bayonoti o‘rin olgan.

Bundan tashqari, SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasida O‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va samarali transport yo‘laklarini yaratish bo‘yicha hamkorlik konseptsiyalari imzolandi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida hamkorlik dasturi qabul qilindi.

Hududlararo savdoni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar rejasi hamda yuqumli kasalliklarning oldini olish va davolashda hamkorlik qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Ko‘rib turganingizdek, bu hamkorlikning juda dolzarb va muhim amaliy yo‘nalishlari.

SHHTning kutilayotgan kengayishi Misr, Saudiya Arabistoni va Qatar bilan muloqotda SHHTga sherik maqomini berish to‘g‘risidagi memorandumlarni imzolash orqali amalga oshirildi. Bundan tashqari, SHHT va qator xalqaro tashkilotlar o‘rtasida rasmiy aloqalar o‘rnatildi. Ular orasida YUNЕSKO, ADL, ESKATO kabilar bor.

“O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy” temir yo‘li qurilishi loyihasi bo‘yicha uch tomonlama bitim imzolangani ham muhim ahamiyat kasb etdi. Loyiha o‘z qarorini 20 yil kutgan edi. Ushbu ulug‘vor loyihaning amalga oshirilishi Ikkinchi kontinental transport ko‘prigining janubiy yo‘lagini yaratish bilan birga, uch mamlakat ishlab chiqaruvchilari uchun yangi mahsulotlar bozorlarini ham ochib beradi. Yo‘l qurilishi Markaziy Osiyo mamlakatlari transport infratuzilmasini rivojlantirishni, Fors ko‘rfazi va Tinch okeani portlariga qulay chiqishlarini ta’minlaydi.

Samarqand sammiti doirasida ikki va ko‘p tomonlama shakllarda o‘tkazilgan muzokaralar sonini ham alohida ta’kidlab o‘tmaslikning iloji yo‘q. Ushbu uchrashuvlar davomida ishtirokchilar bir qator global va mintaqaviy muammolarni muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldilar.

Bu borada Qirg‘iziston va Tojikiston rahbarlarining ushbu davlatlar chegaralaridagi vaziyat bo‘yicha yuzma-yuz uchrashuvi eng ramziy ma’noga ega bo‘lib, shundan so‘ng o‘t ochishni to‘xtatish, shuningdek, qo‘shinlarni olib chiqib ketish to‘g‘risida ko‘rsatma berildi.

– Hozir asosiy e’tibor va muhokama O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida Samarqand birdamligi tashabbusi”ga qaratilgan. Ko‘pchilik bu tashabbusni ushbu sammitning asosiy voqeasi deb ataydi. Samarqand tashabbusining ahamiyati va o‘ziga xosligi nimada?
- Shubhasiz, O‘zbekiston rahbari tomonidan ilgari surilgan “Umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida Samarqand birdamligi tashabbusi”ni SHHT sammitining asosiy voqeasi deb atash mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifi Samarqand sammiti arafasida e’lon qilingan dasturiy maqolasining mantiqiy davomi bo‘ldi. Darhaqiqat, Samarqand tashabbusini uning maqolasida belgilab berilgan zamonaviy dunyo tartibining asosiy chaqiriqlari va muammolariga o‘ziga xos javob deyish mumkin.

Shuning uchun, bu tashabbus ana shunday e’tibor tortgani va ekspertlar muhokamasi markazidaligi tabiiy. Samarqand tashabbusining ahamiyati haqida gapirar ekanman, bir-ikki fikrga to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Birinchi navbatda, bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda uning dolzarbligi. Jahon miqyosida ishonch va o‘zaro begonalashish inqirozi kuchayib borayotgan bugungi kunda, O‘zbekiston prezidenti ta’kidlaganidek, “umumiy kelajagimizga befarq bo‘lmagan, kelishmovchiliklarga qaramay, kelishilgan yondashuvlar va yechimlarni izlashga tayyor bo‘lgan” barchani konstruktiv muloqotga jalb etish muhim.

Jahon hamjamiyati oldida mahalliy mojarolarning kuchayishidan tortib global iqtisodiyotning tiklanishi va iqlim o‘zgarishigacha bo‘lgan ko‘plab muammolar turibdi. Bu tahdidlarni muloqot, davlatlararo aloqalar, birgalikdagi sa’y-harakatlarsiz oson zararsizlantirish mumkin emas.

Bundan tashqari, Samarqand tashabbusining o‘ziga xosligini ham alohida ta’kidlash joiz. Darhaqiqat, bugungi kunning dolzarb masalalari bo‘yicha hali o‘xshashi bo‘lmagan global muloqot maydonini shakllantirish taklif etilmoqda.

Ya’ni iqtisodiyoti, geografiyasi, kattaligi, madaniyati turlicha bo‘lgan davlatlar va xalqlarni birlashtira oladigan maydon. Ularni birgalikda mulohaza yuritish, xavfsizlik va barqaror rivojlanishni yanada ta’minlash uchun yangi yondashuvlarni izlash maqsadida birlashtirish.

Aytish mumkinki, SHHT doirasidagi o‘zaro hamkorlikning muvaffaqiyatli modeli jahon darajasiga ko‘tarilib, xalqaro hamkorlikning yangi formati uchun asos bo‘lmoqda.

Darhaqiqat, geosiyosiy raqobat, madaniy va qadriyatlar nizolari, milliy xudbinlik va mafkuraviy tarafkashlikdan xoli yangi xalqaro muloqot boshlanmoqda.

– Bu tashabbus hayotga qanday tatbiq etilishi va amalda ilgari surilishi hammani qiziqtirayotgan bo‘lsa kerak?
- Samarqand tashabbusining yana bir o‘ziga xos jihati uning batafsil o‘ylanganligidir. Bu tashabbus uchun qilingan tashabbus emas. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu haqda gapirar ekan, uni darhol amalga oshirishning o‘ziga xos mexanizmini belgilab berdi.

Mazkur tashabbusni amaliy amalga oshirish masalalarini 2023 yilda bo‘lib o‘tadigan xalqaro Samarqand forumida siyosiy yetakchilar, nufuzli jamoatchilik, ishbilarmon, ilmiy va ekspert doiralari vakillari ishtirokida birgalikda ko‘rib chiqish taklif etildi.

Samarqand tashabbusini ilgari surish maqsadida Harakat dasturini qabul qilish ko‘zda tutilgan.

Demak, Samarqand tashabbusining barcha faoliyati, taklif va qarorlarining amaliy muvofiqlashtirilishi ta’minlanadi. Bir so‘z bilan aytganda, bu bir martalik loyiha emas, global miqyosda doimiy hamkorlik mexanizmini yaratish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi siyosiy va diplomatik jarayon boshlanmoqda.

– Nima sababdan shunday minbarga aylanish uchun aynan Samarqand tanlandi?
- Prezident to‘g‘ri ta’kidlaganidek, hamkorlik, o‘zaro hamjihatlik va do‘stlik timsoli bo‘lgan “Samarqand ruhi” bilan sug‘orilgan tashabbusning ramziy ma’nosini qayd etmaslikning iloji yo‘q.

Samarqand xalqaro muloqot maydoniga aylanish uchun noyob tarixiy zamin, barcha zarur infratuzilma va tajribaga ega.

O‘z navbatida, O‘zbekiston aynan o‘zining siyosiy-diplomatik salohiyati, prezidentning shaxsiy obro‘si tufayli juda xilma-xil davlatlarni, jumladan, tashqi siyosiy yo‘nalishlari turlicha bo‘lgan mamlakatlarni bir maydonda to‘plash imkoniyatiga ega bo‘lgan davlatdir. Bugungi kunda bu sifat har qachongidan ham ko‘proq talabga ega. So‘nggi SHHT sammiti esa buning yana bir tasdig‘idir.

Yangi O‘zbekiston o‘tkir mintaqaviy muammolar, jumladan, Afg‘oniston yo‘nalishidagi muammolarni hal etishga qaratilgan xalqaro sa’y-harakatlarni ilgari surish bo‘yicha boy va muvaffaqiyatli tajribaga ega. Aytish mumkinki, mamlakatning "diplomatik jozibadorlik markazi" maqomi ishonchli tarzda mustahkamlanib qolmoqda.

Masalan, o‘z vaqtida 2017 yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo bo‘yicha Samarqand konferensiyasi haqiqatda mintaqa davlatlarining yanada mustahkamlanishiga asos solgan edi. Darhaqiqat, Markaziy Osiyo davlatlarini yaqinlashtirish, mintaqada konstruktiv hamkorlikning yangi mantig‘ini shakllantirish uchun ilk qadamlar aynan o‘shanda Samarqandda qo‘yildi.

Bundan tashqari, mamlakatimizda afg‘on muammosiga bag‘ishlangan qator xalqaro anjumanlar o‘tkazildi. Toshkent diplomatiyasi tufayli Afg‘oniston masalasi yana xalqaro miqyosdagi diqqat markaziga tushdi.

Shubhasiz, O‘zbekistonning xuddi shunday muvaffaqiyatli tajribasi zamonning boshqa dolzarb masalalarini hal qilishda ham qo‘llanilishi mumkin.

– Nima uchun Samarqand tashabbusi SHHTning boshqa a’zolari va sammit mehmonlari tomonidan bunday yuksak baho berilib, qo‘llab-quvvatlandi deb o‘ylaysiz?
- To‘g‘ri aytasiz, Samarqand tashabbusi SHHT hamkorlari tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotganini ta’kidlamaslik mumkin emas. O‘zbekiston Prezidentining taklifi sammitning yakuniy Deklaratsiyasida o‘z aksini topdi.

Tashabbusning bunday qo‘llab-quvvatlanishi tasodifiy emas. Bu O‘zbekiston va uning rahbarining yuksak ishonchi va so‘zsiz nufuzi ifodasidir.

Markaziy Osiyoning barcha davlatlari va Afg‘oniston bilan chegaradosh bo‘lgan O‘zbekiston mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashda alohida o‘rin tutayotgani Toshkentning hamkorlariga yaxshi ma’lum.

Qolaversa, Toshkent doimo mas’uliyatli, izchil va pragmatik tashqi siyosat yuritib kelgan. Mamlakatimiz barcha kuch markazlari – Rossiya, Xitoy, AQSH, Yevropa davlatlari bilan mutanosib munosabatlar o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi. Toshkent o‘z misolida, hamkorlikning boshqa yo‘nalishlardagi munosabatlariga zarar yetkazmagan holda, bir tashqi siyosat yo‘nalishida muvaffaqiyatga erishish mumkinligini isbotladi.

Shu tariqa, SHHT sammitidan so‘ng O‘zbekistonda Turkiy tilli davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining uchrashuvi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki yig‘ilishi, vazirlar yig‘ilishi va o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha birinchi “YEI – Markaziy Osiyo" mintaqaviy konferensiyasini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Ya’ni O‘zbekistonning tashqi hamkorlari Toshkent diplomatiyasini baham ko‘radi, unga ishonadi va yuqori baholaydi.

Binobarin, Samarqand tashabbusi jahon miqyosida keng qamrovli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar ochishiga shunday katta umid va ishonch bor.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat