![Yurakdan to‘kilgan chaquv: Rossiyada professional chaqimchilar ko‘paymoqda](/uploads/posts/2023-04/1549446203.jpg)
Chaqimchilik — birovlarning ustidan hokimiyat organlariga chaquv uyushtirishni kasb qilib olgan ayrim shaxslar o‘z ishiga sidqidildan yondashishmoqda va bu xatti-harakatidan aslo uyalishayotgani yo‘q.
O‘tgan yilning kuzida antropolog Aleksandra Arxipova o‘zi ishlayotgan joylardan birida chaquvga duchor bo‘ladi va uni uyushtirgan inson bilan bog‘lanadi. U K. ismli sobiq o‘qituvchi ayol bo‘lib, o‘zining qilayotgan «ishi» haqida jon-jon deb hikoya qilib beradi.
«Men ikki kun ichida chet el agenti deb topilgan shaxslar va nashrlarning Youtube'dagi kanalida 20 soatdan ortiq videolarni ko‘rib chiqaman. Videolarda so‘zga chiqqan va Rossiyada yashab turgan insonlarni belgilab olaman, masalan, biror narsani izohlagan oliy o‘quv yurti o‘qituvchisi, maktabda dars beruvchi muallim va shu kabilar. Rossiyani tark etganlar haqida chaquv yozmayman, chunki ularni baribir hokimiyat javobgarlikka torta olmaydi», — degan nomi oshkor etilmagan chaqimchi ayol.
Ayol «Mediazona»ning savollariga anonim tarzda yozma javob berishga rozi bo‘lgan. U bu ishlarni shaxsiy manfaatini ko‘zlab amalga oshirayotganini yashirmagan.
«Men bundan moddiy manfaatdorman. Gap shundaki, Ukraina hokimiyati urushning dastlabki kunlaridan buyon Rossiya ularga «reparatsiya» to‘lashi «shart»ligini ta’kidlab keladi. Moskvadagi amaldorlar o‘zlarini xafa qildirib qo‘ymaydi, albatta, lekin hududlar bu «reparatsiya»larni to‘plab berishga va 90-yillardagi kabi kuchishlatar tizimlarni qisqartirishga majbur bo‘ladi. Bu degani men yashayotgan shaharda ulkan ishsizlik va uning qarindoshi — jinoyatchilik darajasi ortadi, narx-navolar ko‘tariladi», — degan ayol.
Aleksandra Arxipovaning yozishicha, K. ismli ayol chaqimchilarning ikki turi bo‘ladi, deb hisoblaydi. Shunchaki fuqaroviy chaqimchi (u bir marta chaquv yozadi va inson jazoga tortilgach, ortiq yozmaydi) va professional chaqimchi (K. kabi oylik olmasdan doimiy ravishda chaquv uyushtiradi).
«Mediazona» suhbatdoshining hisob-kitobiga ko‘ra, u urush boshlanganidan buyon 922 marta chaquv yozgan. U 40 yoshlar atrofida, milliondan ziyod aholiga ega shaharlardan birida o‘zining shaxsiy kvartirasida yashaydi, doimiy bo‘lmagan ishda ishlaydi, sudxo‘rlik bilan kun ko‘radi. Bo‘sh vaqti ko‘p bo‘lgani uchun «ikki kun ichida ikkita» grafigida chaquvlar uyushtirib turadi. 20 soat to‘xtovsiz video ko‘rgach, ikki kun dam ham oladi. O‘zi tan olishicha, «bunday og‘ir videolarni ko‘rgandan so‘ng hordiq chiqarish ham kerak».
O‘zining xatti-harakatini K. «qonida borligi» bilan ham tushuntiradi.
«Chaqimchilik, aytish mumkinki, mening qonimda bor. 1922 yilda badavlat, biroq quloq qilinmagan oilada tug‘ilgan bobom 1942-1945 yillarda frontda ofitser bo‘lgan. U NKVDning «qulog‘i» bo‘lgan va bu haqda o‘zi menga ochiqchasiga aytgan. U chaquvlari ostiga qanday imzo qo‘yganini ham bilaman», — degan K.
![](/uploads/posts/2023-04/kdq9s0he2ywm7_ylpksvsutvp8cnsuhg.jpg)
Chaqimchi ayolning nishonlaridan biriga aylangan olima ayol bunday uslublar ish berishini ta’kidlaydi.
«Inson urush bilan bog‘liq bo‘lmagan mavzuda, aytaylik, chet el agenti sanaluvchi «Dojd» telekanalida vrach qorason mavzusida chiqish qildi, deylik. Chaqimchi ayol bu vrach haqida uning ish joyiga xat jo‘natadi, nusxasini esa politsiyaga. Odamni chaqirib, «boshqa bu ishni qilma», deyishadi. Boyagi vrach rostdan ham boshqa bu ishni takrorlamaydi, mana shunday sukut spirali ishga tushadi», — deydi antropolog Arxipova.
K. o‘zining bosh maqsadi sifatida «qo‘rquv muhiti» yaratishni belgilagan, ya’ni «chet el agenti hisoblanuvchi OAVda chiqish qilgan har qanday inson bu haqda ish beruvchisi yoki politsiyaga yozib berishmasmikin, degan doimiy xavotirda bo‘ladi».
Agar uning chaquvlariga davlat idoralari birinchi martada javob bermasa, u arizalarini ko‘paytirib, yuqori turuvchi boshqa tashkilotlarga ham jo‘natar ekan.
Roskomnadzor ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshlanganidan buyon o‘tgan yilning avgust oyi holatiga Rossiya armiyasi to‘g‘risidagi «feyklar» mavzusida rossiyaliklar 145 mingta chaquv uyushtirishgan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring ![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar