Insonlarni atrof-muhitga e’tiborli bo‘lishga undash maqsadida har yili 22 aprelda Xalqaro yer kuni (Earth Day) nishonlanadi. U toza suv, toza tuproq, toza havo bayramidir. Chunki shu kuni sayyoramizda sodir bo‘lgan ekologik halokatlar yodga olinadi. Odamlar mavjud ekologik muammolarni qanday bartaraf etish lozimligi borasida o‘ylab ko‘radilar. Aslida Yer kuni ko‘plab mamlakatlarda bahorgi teng kunlik bo‘lmish 21-22 mart kunlari bayram qilinadi.
Bayram tarixi uzoq XIX asrga borib taqalishi aytiladi. Jon Julius Sterling Morton ismli biolog va fermer Nebraska shtatiga tashrif buyurganida bir qator muammolarga to‘qnash keladi. Daraxtlar qurilishda ishlatilgani bois ayovsiz kesilgan va hudud dashtga aylangan edi. Jon Julius Sterling Morton aholiga murojaat qilib, mintaqani ko‘kalamzorlashtirish taklifi bilan chiqdi. O‘shanda Nebraska shtatiga 1 millionga yaqin ko‘chat ekilgan va «Daraxtlar kuni» deya e’lon qilindi.
Jon Morton 22 aprelda tug‘ilgani bois, uning sharafiga shu kunni «rasmiy bayram sifatida e’lon qilish kerak» degan taklif berildi. Tashabbusga nafaqat AQSH, balki boshqa davlatlar fuqarolari ham qo‘shildi.
Ilk bor Yer kuni 1970 yil aprelda AQSHda o‘tkazilib, bayram muvaffaqiyatli bo‘lgani bois, tashkilotchilar muntazam ravishda Yer kunini nishonlashga qaror qilishdi. Amerikalik taniqli siyosatchi va senator Geylord Nelson bir guruh talabalarni to‘plab, bu g‘oyani targ‘ib qila boshladi. Guruhga Garvard universiteti talabasi Dennis Xayes boshchilik qildi. O‘sha paytlarda talabalar harakati judayam ommalashgani bois, ularning tashabbusi keng jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Ammo ularda ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun tajriba va mablag‘ deyarli yo‘q edi. Shu sababli ilk tadbirlar maktablarda o‘tkazilardi. Geylord Nelsonning ta’biri bilan aytganda, Yer kuni o‘z-o‘zidan paydo bo‘ldi.
1971 yilda senator Nelson Yer haftasini e’lon qildi. Bu tadbir aprel oyining uch haftasi mobaynida o‘tkazildi. Buni AQSH aholisi bajonidil qo‘llab-quvvatladi.
Siyosiy va ommaviy faollik tufayli AQSHda atrof-muhit muhofazasi yo‘lida ko‘plab qonun va boshqa hujjatlar qabul qilindi. 2009 yil BMT Bosh Assambleyasi har yili 22 aprelda Xalqaro Ona yer kunini nishonlash borasida rezolyutsiya qabul qildi. O‘shanda bu tashabbus 50 dan ortiq mamlakat tomonidan ilgari surilgan va boshqa davlatlar yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlagan edi. 2010 yildan boshlab har yili 22 aprelda bu bayram xalqaro miqyosda nishonlab kelinmoqda.
Ayni damda Yer bayrog‘i ham qabul qilingan. To‘g‘ri, bu bayroq norasmiy sifatida ko‘riladi. Yer bayrog‘i fazodan suratga olingan yer sharini eslatadi. Yer kuni nishonlanar ekan, bir qator mamlakatlarda insonlarni tinchlikka chaqirish va sayyoramizning go‘zalligini saqlab qolishga undash maqsadida Tinchlik qo‘ng‘irog‘i chalinadi. Tinchlik qo‘ng‘irog‘i do‘stlik, tinch hayot, xalqlar o‘rtasidagi birdamlik, xotirjamlik ramzi sanaladi. Bundan tashqari yer yuzidagi hayotni, tinchlikni, insonlar hayoti va madaniyatini saqlashga da’vat timsoli hamdir.
Birinchi Tinchlik Qo‘ng‘irog‘i 1954 yilda BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohi oldiga o‘rnatilgan edi. Bu qo‘ng‘iroq yer yuzidagi bolalar tomonidan to‘plagan tanga pullar va taniqli kishilarning orden, medallaridan yasalgan. Qo‘ng‘iroqda «Yashasin dunyodagi tinchlik» degan so‘zlar bitilgan. 1996 yilda bu kabi qo‘ng‘iroq BMTning Venadagi qarorgohiga ham o‘rnatildi. Shuningdek, Tinchlik qo‘ng‘irog‘ini Germaniya (1989), Polsha, Turkiya (1989), Meksika (1990), Avstraliya (1992), Mo‘g‘uliston (1993), Filippin (1994), Kanada (1996), Braziliya (1997), Argentina (1998), Ekvador (1999), O‘zbekiston (2003) va boshqa mamlakatlardagi shaharlarda ham uchratish mumkin.
Bir so‘z bilan aytganda, 22 aprelda oddiy bayram emas, balki global ahamiyatga ega Xalqaro Ona yer kuni nishonlanadi. Xalqaro yer kunining nishonlanishi zamin va uning ekotizimi insoniyatning umumiy uyi ekanligi tan olinishini anglatadi. Ona yer iborasining o‘ziyoq insonning yerga bog‘liqligining tan olinishidir.
Yer haqida qisqacha ma’lumot. Olimlarning so‘zlariga qaraganda, Ona zaminimizning yoshi 4,5 milliard yilga teng. Agar ekvator bo‘ylab yuradigan bo‘lsak, 40 ming 10 kilometr masofani bosib o‘tishimiz kerak bo‘ladi. Sayyoramizning eng issiq joyi Kaliforniyadagi O‘lim vodiysi va Liviyadagi El Aziziya hisoblanadi. Eng sovug‘i esa Antarktika deya tan olingan. Yerning yagona tabiiy yo‘ldoshi tunda hamma uchun yaqqol ko‘rinadigan Oydir.
Yer shari – bizning uyimiz, bizning Onamiz. Shu sababli ham uni asrashimiz kerak. Chunki bugun farzandlarimiz, kelajakda esa avlodlarimiz ifloslangan suv ichib, ifloslangan havodan nafas olib yashashlariga yo‘l qo‘ymasligimiz lozim.
Sharofiddin To‘laganov
jurnalist.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
jurnalist.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Shavkat Mirziyoyev Rossiya bosh prokurori bilan uchrashuv o‘tkazdi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi