Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasida muhim tashabbuslar ilgari surildi

Foto: Prezident matbuot xizmati
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22 aprel kuni Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi (OQXJ) taʼsischi davlatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yigʻilishida ishtirok etdi.
Tadbir Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev raisligida oʻtdi. Unda Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov hamda OQXJ Ijroiya qoʻmitasi raisi Asxat Orazbay ham qatnashdi.
Yigʻilishda Qozogʻistonning 2023–2026 yillardagi raislik davri natijalari koʻrib chiqilib, Orol dengizi havzasidagi ekologik vaziyat, suv resurslarini boshqarish va ijtimoiy-iqtisodiy holatni yaxshilash masalalari yuzasidan keng fikr almashildi.
Oʻzbekiston yetakchisi oʻz nutqida Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi mintaqa uchun noyob hamkorlik platformasi ekanini taʼkidladi. Uning aytishicha, iqlim oʻzgarishi, suvga boʻlgan talabning ortishi va resurslar tanqisligi sharoitida jamgʻarmaning ahamiyati tobora ortib bormoqda.
Prognozlarga koʻra, 2040 yilga borib Orol havzasida suv tanqisligi yiliga 20 milliard kub metrga yetishi mumkin. Bu esa ichimlik suvi, qishloq xoʻjaligi, energetika va ekologiya sohalarida jiddiy xavflarni keltirib chiqaradi.
– Ekspertlarning baholariga koʻra, 2040 yilga borib, Orol dengizi havzasida suv resurslari taqchilligi deyarli ikki barobar – yiliga 20 milliard kub metrgacha oshishi mumkin. Bu ichimlik suvi taʼminoti, ekologiya, agrar sektor, energetika va ijtimoiy barqarorlik uchun qoʻshimcha xavf-xatarlarni yuzaga keltiradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident mintaqada suvdan samarasiz foydalanish muammosiga ham eʼtibor qaratdi. Hozirgi kunda qishloq xoʻjaligida 1 dollar qiymat yaratish uchun oʻrtacha 3 kub metr suv sarflanmoqda, bu esa jahon koʻrsatkichlaridan ancha yuqori.
Shu bilan birga, Oʻzbekistonda suv tejovchi texnologiyalar jadal joriy etilayotgani qayd etildi. Sugʻoriladigan yerlarning 60 foizida zamonaviy tizimlar tatbiq etilgan, irrigatsiya tarmoqlarining 40 foizi betonlashtirilgan. Bu choralar orqali yillik 10 milliard kub metr suv tejalmoqda.
Shavkat Mirziyoyev jamgʻarma faoliyatini yanada kuchaytirish, uning huquqiy va tashkiliy asoslarini takomillashtirish, hamkorlikni kengaytirish boʻyicha bir qator takliflarni ilgari surdi. Jumladan, OQXJning boshqa mintaqaviy tuzilmalar bilan integratsiyasini kuchaytirish muhimligi taʼkidlandi.
– Bu barcha davlatlarimiz hududida hayotiy muhim ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish uchun maqsadli investitsiyalarni yoʻnaltirish imkonini beradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, suv resurslaridan foydalanish madaniyatini oshirish, aholini va fermerlarni zamonaviy texnologiyalarga oʻrgatish maqsadida “Kelajak suvi” mintaqaviy dasturini ishga tushirish taklif etildi.
– Koʻrinib turibdiki, agar jamiyatning suvga boʻlgan munosabati oʻzgarmasa, hech qanday muhandislik yechimlari kutilgan samarani bermaydi. Uzluksiz taʼlim tizimi orqali – maktabgacha taʼlim darajasidan to mutaxassislarni tayyorlashgacha – suvdan oqilona foydalanishni har bir kishining kundalik odatiga, umumiy madaniy kodimizga aylantirishga intilishimiz lozim, – dedi davlatimiz rahbari.
Afgʻonistonni ham mintaqaviy ekologik hamkorlikka jalb etish masalasi ham koʻtarildi. Bu orqali suv resurslarini adolatli taqsimlash va umumiy ekologik barqarorlikni taʼminlash mumkinligi qayd etildi.
Yigʻilish yakunida bir qator muhim qarorlar, jumladan Ostona bayonoti qabul qilindi. Shuningdek, 26 martni Xalqaro Orol dengizi, Amudaryo va Sirdaryo kuni deb eʼlon qilish hamda Shavkat Mirziyoevni 2027–2029 yillarda OQXJ raisi etib saylash haqidagi qarorlar imzolandi.