Turkiyada qo‘lga olingan ayol O‘zbekistonga qaytarildi, jinoyatlar ochildi

Odam savdosi va firibgarlik jinoyatlari bilan bog‘liq yana bir shaxs xorijda qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayol O‘zbekistonda firibgarlik jinoyatini sodir etib, qariyb 6 yil davomida qidiruvda bo‘lgan. U ikki davlat huquqni muhofaza qiluvchi organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida Turkiya hududida aniqlanib, qo‘lga olingan hamda O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan.
Aniqlanishicha, mazkur shaxs fuqarolarni xorijiy davlatlarga ishga joylashtirish va’dasi bilan ularning ishonchiga kirgan. Litsenziyasiz faoliyat yuritgan holda AQSH va Yevropa mamlakatlarida yuqori daromadli ish taklif qilishni va’da qilib, ko‘plab fuqarolardan katta miqdorda pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirgan.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatda ayblanib qidiruvda bo‘lgan yana bir shaxs ham qo‘lga olinib, yurtimizga qaytarilgani bildirildi.
Mutasaddilar ta’kidlashicha, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlik doirasida qidiruvdagi shaxslarni aniqlash, ushlash va ularni javobgarlikka tortish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda.





























Izohlar 0
…