Toshkentdagi dahshatli holat: itlar shafqatsizlarcha o‘ldirildi

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida itlarga nisbatan shafqatsiz munosabat qilingani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, jamoatchilik orasida keskin muhokamalarga sabab bo‘ldi. Holat yuzasidan poytaxt IIBB tomonidan tekshiruv ishlari boshlangan.
Ma’lum qilinishicha, ko‘p qavatli uy yaqinida joylashgan omborxona hududida bir necha erkak itlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lib, ularni urib o‘ldirgan. Voqea tasvirlari 19 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgan.
Hududda faoliyat yurituvchi tadbirkor Yevgeniy Rojkovning aytishicha, bu yerda avvaldan o‘zlariga qarashli itlar bo‘lgan. Keyinchalik atrofdagi qurilish ishlari tugallangach, boshqa hududlardan ham itlar kelib qo‘shilgan va ularning soni sezilarli darajada ortgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ilgari bir veterinar katta va tajovuzkor itni muvaffaqiyatli davolagan. Shu sababli bu safar ham aynan o‘sha mutaxassis chaqirilgan. Undan hududni burgalarga qarshi ishlov berish, ahvoli og‘ir bo‘lgan to‘rtta itni ko‘rikdan o‘tkazish va yashab ketish ehtimoli bo‘lmasa, ularni qiynalmasligi uchun evtanaziya qilish so‘ralgan.
Biroq tadbirkorning ta’kidlashicha, veterinar ikki itga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgan.
“Bizdagi videolarda uning ukol qilayotgani ham, hududga ishlov berayotgani ham ko‘ringan. U dastlab yaxshi niyat bilan kelgan edi, ammo nima uchun bu holat bunday yakunlanganini tushuntirib bera olmayman. Bu voqea meni qattiq ranjitdi”, dedi u.
“Ekolog” jamoat tashkiloti direktori o‘rinbosari Guli Ergasheva esa veterinar shifokor qonun talablarini buzganini, insonparvarlik tamoyillariga zid harakat qilganini va itlar shafqatsizlarcha o‘ldirilganini ta’kidladi.
IIBB ma’lumotiga ko‘ra, videoda aks etgan shaxslar aniqlangan va ulardan tushuntirish xatlari hamda ko‘rsatmalar olingan. Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari davom etmoqda va yakunlariga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinadi.






























Izohlar 0
…