Qizlarga shilqimlik qilgani aytilgan direktor tekshirilmoqda

Samarqand shahridagi maktab direktorlaridan biri tadbirga kelgan qizlarga nisbatan noo‘rin xatti-harakat qilgani haqida ma’lumotlar tarqaldi.
Ma’lumotda aytilishicha, voqea 2026 yil 16 iyun kuni sodir bo‘lgan. Holat yuzasidan viloyat hokimi o‘rinbosari Husen To‘xtayev ishtirokida muhokama o‘tkazilgan, shuningdek, Samarqand viloyati IIBga ham murojaat qilingan. Biroq, nashriyot rahbariga ko‘ra, shu vaqtga qadar direktorga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmagan.
Ma’lum qilinishicha, Samarqand shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullari undan shahardagi 81-maktabda o‘tkazilayotgan tadbir uchun kitob rastasi tashkil etishda yordam so‘ragan. Shundan so‘ng nashriyotning uch nafar xodimasi kitoblar bilan mazkur maktabga yuborilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tadbir tugagach, 81-maktab direktori qizlarni kitoblarni bosmaxonaga olib borish uchun mashinasiga mindirgan. Yo‘l davomida ularga shaxsiy mazmundagi gaplar aytgan va keyinroq uylariga ham olib borishni taklif qilgan. Qizlar esa bu taklifni rad etgan.
Nashriyot rahbari direktor tadbirdan avval xodimalardan birining telefon raqamini saqlab qolganini, keyin esa unga «menda yaxshi taassurot qoldirdingiz», «yaqinroq tanishsak bo‘ladimi» kabi shaxsiy xabarlar yuborganini ham aytdi.
Ma’lum qilinishicha, bu haqda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbari Rustam Yo‘ldoshev ham xabardor qilingan. Biroq, nashriyot rahbarining ta’kidlashicha, holatga nisbatan amaliy chora ko‘rilmagan.
Zebo Ismatullayevaning fikricha, direktorga nisbatan chora ko‘rilmayotgani ota-onalarning xavotirini kuchaytirmoqda. Ularning ayrimlari bunday vaziyat davom etsa, farzandlarini boshqa maktabga o‘tkazish haqida o‘ylayotganini bildirgan.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmati rahbari Hamidullo Sagdullayevning ma’lum qilishicha, mazkur murojaat yuzasidan hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tish joiz, avvalroq ham ushbu maktab direktori o‘quvchilarga qo‘l ko‘targani haqidagi holat keng muhokama qilingan va shundan so‘ng unga nisbatan hayfsan intizomiy jazosi qo‘llangani ma’lum qilingan.
Bu holat bo‘yicha rasmiy tergovga qadar tekshiruv davom etmoqda. Shu sababli keltirilgan ma’lumotlar murojaatchilarning bayonotlari hamda rasmiy idoralar bildirgan axborotlarga asoslangan bo‘lib, yakuniy huquqiy baho tekshiruv natijalariga ko‘ra beriladi.






























Izohlar 0
…