Bir dona pechene ortidan boshlangan mojaro: Qozog‘istonda 19 yoshli o‘zbekistonlik ayol vafot etdi

Qozog‘istonning Jambil viloyatida 19 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Madinaning vafoti yuzasidan tergov boshlandi. U o‘limidan bir kun avval dugonasiga eri bilan janjallashgani, uyidan ketmoqchi ekanini va avval ham zo‘ravonlikka uchraganini aytgan. So‘nggi mojaro sakkiz oylik farzandi uchun olib kelingan shirinlik sabab boshlangan, shundan keyin Madina bilan aloqa uzilgan.
Qozog‘istonning Jambil viloyatida 19 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Madinaning vafoti yuzasidan tergov boshlandi. Uning o‘limidan bir kun avval dugonasiga eri bilan janjallashgani va uyidan ketmoqchi ekanini aytgani ma’lum bo‘lgan.
Madinaning dugonasi aytishicha, yosh ayol eri bilan tez-tez kelishmovchilikka borgan va erkak tomonidan zo‘ravonlikka uchraganini avval ham aytgan.
So‘nggi mojaro esa sakkiz oylik farzandi uchun olib kelingan shirinlik sabab boshlangan.
Madina dugonasiga uyidan ketishga qaror qilganini bildirib, hatto yig‘ib qo‘ygan buyumlarining suratlarini ham yuborgan.
Madinaning dugonasidan 15 ming tenge so‘ragani, biroq kerakli mablag‘ topilmagani aytilmoqda. Shundan keyin u bilan aloqa uzilgan.
Keyinchalik marhumaning qaynonasi dugonasiga Madinaning vafot etganini bildirgan.
Madinaning dugonasi uning o‘limi holatlari yuzasidan shubhalar borligini bildirgan va voqeani to‘liq tekshirishga chaqirgan. Uning tanasida jarohatlar bo‘lgani haqidagi ma’lumotlar esa hozircha rasman tasdiqlanmagan.
Jambil viloyati politsiyasi sudgacha tergov olib borilayotganini ma’lum qilgan. Huquq-tartibot organlari tergov yakuniga qadar o‘lim sababi yoki muayyan shaxslarning aybdorligi haqida xulosa bermagan.
Madinaning yaqinlari esa uning o‘limi bilan bog‘liq barcha holatlar to‘liq va xolisona aniqlanishini kutmoqda.































Izohlar 0
…