Aziz opa-singillarim, dugonalarim! Sizga bugun anchadan beri yuragimda yotgan gaplarni yozishga harakat qildim. Bunga sabab mamlakatimizda to‘y va marosimlarni ixchamlashtirish xususida bo‘layotgan munosabatlar turtki bo‘ldi. Aslini olganda avval ham bu mavzuda bir-ikki maqola yozganman. Biroq bugun kun mavzusiga aylangan, davlatimiz rahbari bot-bot takrorlayotgan to‘ylardagi dabdababozlik, isrofgarchilik, ajrimlar singari salbiy illatlar haqida chuqurroq o‘ylab ko‘rish vaqti keldi. Nega to‘y-marosim masalasi alohida mavzu bo‘lib, maydonga chiqdi?
Bunda biz xotin-qizlarning orzu-havas atalmish havoyi istaklarimizning ham o‘rni bor. Yaqinda Prezidentimizning xalqaro Xotin-qizlar bayramiga bag‘ishlangan uchrashuvidagi nutqini tinglab turib qalbim iftixorga to‘ldi. Nutqda keltirilgan quyidagi gaplar meni yana bir bor Siz bilan o‘rtoqlashishga sabab bo‘ldi: “Shu fursatdan foydalanib, siz, muhtarama opa-singillarimizdan to‘y va ma’rakalarimizni ixcham va mazmunli o‘tkazish bo‘yicha o‘z fikrlaringizni bildirib, uni hal qilib berishlaringizni iltimos qilaman.” Davlatimiz rahbari bizga masalni hal qilishda yordam berishimizni so‘radi, azizlarim. Chunki biz...
Chunki biz farzandimiz o‘g‘ilmi, qizmi dunyoga kelgan kunidanoq u bilan bog‘liq orzularimizning ro‘yobini istaymiz. Farzandimiz ulg‘aygan sari orzu-havaslarimiz ham kattarib boradi. To‘ylaringni ko‘ray deb, niyat qilamiz. To‘ylaringni deb! Baxtingni, kamolingni, o‘qib, olim bo‘lganingni, jamiyat ravnaqiga hissa qo‘shganingni singari tilaklarimiz to‘y degan orzuning ortida qolib ketadi.
Xullas, endi indalloga o‘tamiz. Ma’naviyatimiz, milliy qadriyatlarimizni izdan chiqarar darajaga bizning orzu-havaslarimiz olib kelmadi? To‘g‘risi, oilamizdagi erkaklarni, o‘g‘illarimizning o‘zimiz to‘y degan umidlarimiz bois qiynab qo‘ydik. Masala kattarib, jamiyatning muammosiga aylandi. Tasavvur qilaylik. O‘g‘il uylantirmoqchimiz. O‘g‘limizga munosib qiz emas, ko‘nglimizga munosib qiz axtarishga tushamiz. Qiz tomondan rozilik olgan kundan boshlab, u tomonga yov qarash boshlanadi. O‘n-o‘n besh chog‘li erkaklar jamoasini tugun-tersak, tog‘ora-ovoralar bilan qudanikiga kuzatamiz. Hatto, sandiq ochadiganga alohida tugunchani ham unutmaymiz. Mayli, bular bir o‘yin deb qarardik oldin. Endi sandiq ochganlarning nozi boshlanyapti. Quda past ekan. Shuni munosib ko‘ribdimi, degan gap-so‘zlar chiqmoqda. Erkaklarimiz biz tutqazib yuborgan tugun-tersakka yana qo‘shib olib qaytishadi. Endi bunda biz bosh bo‘lgan sarpo-suriqlarni erkaklar ko‘tarib yurishi or emasmi?
To‘g‘ri, ulug‘ mehmonga xalqimizda to‘n kiydirish marosimi bor. Lekin bizning hamma vakilimizga quda “navbatchi” to‘n tarqatishi qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi? Unashtirishdan qaytgan erkaklarning tugunini poylab o‘tiramiz. Ba’zida qo‘liga qarab kutib olamiz. Endi uydagi mayda-chuydalarimizni chiqarib kelinning matohlari uchun joy bo‘shatamiz. Mol yoyarga ikkita xotin ikkita tog‘ora bilan kirib kelishadi. Yana ularning tog‘oralariga alohida pishir-kuydir. Azizlarim, shu joyida bir o‘ylab ko‘rayik. O‘g‘limizni birov hamiyatsiz desa bizga alam qiladimi? Unda nega qaynotasi olib bergan yotoq mebeliyu ro‘zg‘orga kerakli asbob-anjomlariga ko‘z tikishga o‘rgatamiz? Nega bizning uyimizni ular to‘ldirib berishi kerak? Olib bersa, bir cheti qiziga ham kerak, desak, demak, o‘g‘illarimiz orsiz, hamiyatsiz ekan. Ularga shu tarbiyani biz berganmiz.
To‘yni eng yaxshi to‘yxonada, eng to‘kin dasturxonda, eng ko‘p xonandalar ishtirokida o‘tkazishni istaymiz. Buning uchun erkaklarimiz yillab ter to‘kishadi. Chetga ishlagani ketadi. O‘z kasbiga ko‘ra, korrupsiyaga yo‘l qo‘yishga harakat qiladi. Nima qilib bo‘lsa ham bizning orzu-havasimiz yo‘lida pul topadi. To‘g‘ri, biz ham ularning yoniga kiramiz. Uncha-buncha ishlab topamiz. Qiynalamiz. Lekin nima qilaylikki, to‘y qilib, elning imtihonidan o‘tish havasida bo‘lamiz. Bor boricha, yo‘q yo‘ndirganicha harakat boshlanadi. Qancha isrof, qancha uvol bo‘lmasin bolamiz birovdan kam bo‘lmasin, o‘ksimasin, deymiz. To‘y o‘tgan kuniyoq kelinnikidan uch-to‘rt xil taom (qovurdoq) kutamiz.
Aslida qovurdoq kelinchakni rizqi. Uni momolarimiz yangi kelin borgan joyida moslashgucha chimxo‘r bo‘ladi, kuchliroq ovqat yesin, quvvat bo‘ladi, deb kelinchak uchun pishirib berib yuborishgan. Biz nima qilyapmiz? Tuqqanida kelgan qovurdoqqa ham, kelinligida kelgan qovurdoqqa ham qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilar sherik bo‘lyapmiz. Kuni kecha qiz uzatgan qo‘shnim bir tog‘ora qovurdoq besh yuz ming so‘mga tushdi, deb aytdi. Faqat qovurdoq bo‘lsa, mayli, yana qancha ol tovog‘im, ber tovog‘im... Ozgina uyalaylik. Bizga yigirma-yigirma besh yil ko‘z qarog‘ida asragan qizini beryapti. Uyat emasmi, qudanikidan ovqat kutib o‘tirish?
Shuningdek, kelinga munosabat masalasida ham to‘xtalib o‘tmoqchiman. Bizning farzandimizni jufti haloli bo‘lib xonadonimizga bosh egib kirib kelayotgan kelinga nega boshqacha ko‘z bilan qaraymiz. To‘y kuni qizlarim qatorida qizim bo‘ldingiz, deymizu... Agar qizimiz betob bo‘lsa, yugurib-yelib qolamiz. Kelinni esa kasal bo‘lsa, onasinikiga jo‘natamiz. To‘g‘ri qiz bola onasinikida ro‘zg‘or ishlariga buyurilmaydi, dam oladi, degan bahona ortiga shifoxona va dori-darmonlar xarajatlarini ham qo‘shib jo‘natib yuboramiz. Kelin uyimizni to‘ldirgan bo‘lsa, mayli, bizning biror matohimizga beixtiyor shikast yetkazib qo‘ysa, onasining qurumsoqligini yuziga solamiz. Yil o‘tmay nevarali bo‘lsak, chaqaloqning so‘rg‘ichidan tortib, yotadigan karavatigacha qudamiz olib keladi. Nega? Axir tug‘ilgan farzand bizning avlodimiz davomchisi-ku! Aslida qudamizni biz qutlashimiz kerak-ku!
Xullas, bu o‘zim yashab turgan Toshkent shahri misolida bo‘lsa ham, respublikamizning boshqa hududlarida ham to‘y, to‘ydan oldingi va keyingi marosimlar chigallashib ketdi. Buning ko‘piga biz sababchimiz. Motom marosimlarida ham bechora erkaklar bizga qarab turadi. Tugun-tersakka qancha xarajat kerak, deganday.
Qizi bor xonadonlarga juda qiyin bo‘ldi. Qudaning qosh-qovog‘i bilan hisoblashib yashash qiyinda. Ming harakat bilan erkaklarimizni aldab-suldab oldirgan matohlari qudaga ma’qul kelmay to‘yi buzilganlar qancha! Bunda barcha uyat qiz tarafga bo‘lganday “yigitning guli” boshqasiga uylanib ketaveradi. Aslida ular uyalishi kerak. Matohi uchun qiz tanlashganiga.
Momolarimiz “Kelinni kelganda ko‘r, sepini yoyganda ko‘r” deyishganida kelinning o‘z qo‘li bilan tikkan kashta va ro‘molchalar, yostiqpo‘shlariyu kuyovbelbog‘larini nazarda tutgan. Uning chevarligiga, quntiga, sabriga tasanno deyishgan. Bu udumlar kattarib, kelin parda bilan kelishiga, gilam bilan kelishiga, mebel bilan kelishiga aylanib ketdi. Endi sepni yoyish ham alohida marosim bo‘lib unga ham bitta xodimning bir oylik maoshicha pul sarflanyapti. To‘y degan orzu-havasni shunchalar quvib ketdikki, bizni endi Qaror bilan to‘xtatishmasa, to‘xtamaymiz, shekilli.
To‘y biznesi degan soha chiqdi. To‘y qilmoqchimisiz, to‘yxonadan tortib, haydovchi, ashulachi, o‘rtachi, suratchi, tasvirchi, chiroqchi singari bir necha to‘yingiz uchun falon-falon so‘mlarga xizmat qilib beradigan guruhlar bor. Buni bir tomonini yaxshilikka burdik. Ish ko‘p zamonda har birini qayerdan topamiz, deb. Lekin bu ishbilarmonlar o‘zlariga daromad keltiradigan “Love store”, Gul otish, Tort kesish singari almoyi aljoyi ishlarni targ‘ib qilishmoqda. Turfa chiroqlar yonib-o‘chayotgan nimxira to‘yxonada hamma yo suratga, yo o‘yinga tushish bilan band bo‘lib qolyapti.
Bu gaplar ko‘p aytildi. Endigi gap bizda. Ha, bizda. Erkaklarimizni quda sarpo, kuyov sarpo, mebel, idish-tovoq, maishiy buyumlar degan daxmazalarni sotib olish uchun pul topishga undagandan ko‘ra, farzandlarimizning o‘qishiga, kitoblar sotib olishga, ortsa, biror beva-bechoraga yordam qilishga pul topishiga qarashaylik. Nimaga erkaklarda yurak kasali ko‘p? Nimaga ular chetga pul topishga ketyapti. Hammasi bizning bachkana orzu-havaslarimiz uchun. Biz ertaga mebelsiz kelinni yuziga achchiq gap aytmasak, qudalarimizni kamsitmasak, hammasi joyiga tushadi. Yigitlarimizni oriyatli, hamiyatli qilib tarbiyalaylik. Qizlarimizni sarposi bilan keriladigan emas, ma’naviyati, odobi bilan o‘rnak bo‘ladigan qilib o‘stiraylik. Biz to‘y qilamiz deb nafaqat uyimizdagi erkaklarni, o‘zimizni butun jamiyatni qiynab qo‘yibmiz. Endi tuzatishni o‘zimizdan boshlaylik.
O‘zAdan olindi.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi