08:23 / 01.06.2020
4 804

Qashqadaryoda papayya — “qovun daraxti” ommalashmoqda

Qashqadaryoda papayya — “qovun daraxti” ommalashmoqda
Yurtimizning iqlim sharoitiga xos bo‘lmagan tropik daraxtlardan biri — papayya keyingi yillarda qashqadaryolik issiqxonachilarning an’anaviy ekin turiga aylanmoqda. Issiqxona sharoitida yaxshi hosil va daromad berayotgan bu o‘simlik endi ko‘pchilik dehqonlarni qiziqtirib qo‘ydi va uni ommaviy yetishtirishga kirishilmoqda.

G‘uzor tumanning Tugal qishlog‘ida istiqomat qiluvchi O‘rol Tursunovning issiqxonasi hozirgi paytda juda chiroyli tusga kirgan. Mo‘’jaz bog‘ga kirgan kishining qaytib chiqqisi kelmaydi. Papayya uchun ajratilgan qariyb 2 sotix bog‘da yigirma tupga yaqin papayya daraxti gullab, hosilga kirgan.

— Issiqxona harorati plyus 10 darajadan yuqori bo‘lganida papayya tinmay gullayveradi, — deydi O‘rol Tursunov. — Hosiliyam yaxshi bo‘ladi. Faqat mehnatidan qochmaslik kerak. Issiq iqlimda o‘sgani bois issiqxona sharoitiga yaxshi moslashadi. Ammo kasallikka tez chalinib, birdan qurib qolish holatlari ham uchrab turadi. Shu bois bu o‘simlikka o‘ta e’tiborli bo‘lish talab etiladi. Qovun daraxti deb yuritiladigan bu o‘simlikning dorivor xususiyati ko‘p. Organizmning immun tizimini mustahkamlashda, ovqat hazm qilishni yaxshilashda, hatto bepushtlikda nafi katta. Yaxshi parvarish qilinsa, bir tupidan 100-200 donagacha meva beradi.

Papayya pishganida po‘sti oltin rangga kiradi, ichi esa zangori, mazasi va hidi yangi uzilgan qovunni eslatadi. “Qovun daraxti” deyilishi ham shundan. Ma’lumotlarga ko‘ra papayyaning mingdan ortiq navi bo‘lib, qaysi mamlakatda o‘sishiga qarab nafaqat mevasining ko‘rinishi, balki mazasi ham farq qilar ekan. Biroq ularni bir xususiyat birlashtirib turadi –salomatlik uchun foydalilik. Yuz gramm papayyada 26-74 kaloriyagacha energetik quvvat mavjud bo‘ladi. Tarkibida glyukoza, fruktoza, organik kislotalar, oqsil va turli vitaminlar serob. O‘ning o‘simlik fermenti — papayyani xuddi oshqozon shirasiga o‘xshaydi.

Aytish joizki, keyingi yillarda tomorqada barpo etilayotgan issiqxonalarda usta tomorqachilar tomonidan mandarin va apelsin singari sitrus daraxtlar, palma daraxti, fikus gitara, va aleandra gullari ham yetishtirilyapti. Banan va kivi daraxtlari esa allaqachon ularning ijod mahsuliga aylanmoqda.

Ahad Muhammadiyev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qashqadaryoda papayya — “qovun daraxti” ommalashmoqda