19:38 / 06.09.2020
6 939

Dilbar Ikromovaning kelini qaynonasi ko‘chada qolib, xor-u zor bo‘lgani haqidagi gap-so‘zlarga munosabat bildirdi (video)

Dilbar Ikromovaning kelini qaynonasi ko‘chada qolib, xor-u zor bo‘lgani haqidagi gap-so‘zlarga munosabat bildirdi (video)
Foto: YouTube
O‘zbekiston xalq artisti Dilbar Ikromova 25 avgust kuni koronavirus oqibatida vafot etdi.
Dilbar Ikromovaning hamkasblari «Milliy» telekanalining «M-kokteyl» loyihasida aktrisa qarigan chog‘ida ijarama-ijara, sarson bo‘lib yashagani haqida gapirib berdi.

Ushbu gap-so‘zlarga oydinlik kiritish maqsadida «Daryo» muxbiri Feruz Muhammad Dilbar Ikromovaning kelini Zohira Ikromova bilan suhbatlashdi. Zohira Ikromova qaynonasi haqidagi barcha gap-so‘zlarga oydinlik kiritdi.

- "Bu ko‘rsatuvga chiqsammikan, yo‘qmikan, to‘g‘ri qilyapmanmi, yo‘qmi, deb o‘yladim. Oldimda uchta qizim bor, 5-6 yildan so‘ng uyimizga sovchilar kela boshlaydi. Kelgan sovchilar ‘bu qizlarning onasi qaynonasini ko‘chada qoldirgan’, degan malomatlar bo‘lmasligi uchun gapirishga qaror qildim.

Qaynonam bilan munosabatimiz juda yaxshi edi. Ular haqida faqat yaxshi gaplarni gapirishim mumkin. Har bir oilada ikir-chikir gap-so‘zlar bo‘lishi aniq. Meni erkalab Zohi derdilar, hattoki tug‘gan onamdan ham rashk qilardilar. ‘Uyga borib kelsam maylimi?’, desam, sal xafa bo‘lardilar-da, ‘mayli, faqat vaqtli qaytasiz, sizsiz o‘tira olmayman, sizlar ketsangiz uyim huvullab qoladi’, derdilar.

Ota-onamnikidan qaytganimdan keyin bir xil payt yig‘lab yuborar edilar. ‘Bolam, siz meni yoshingiz katta bo‘lgandan keyin tushunasiz, yolg‘izlik qursin, siz ketasiz yuragim huvullab ketadi, kelsangiz uyimga onam kelgandek bo‘ladi’, derdilar. Biz qaynona-kelin bo‘lmaganmiz, yaqin dugona bo‘lganmiz. Ko‘ngillari siniq inson bo‘lgani uchun birorta rejissyor va aktyorlarning sal gapi ham ularni xafa qilib qo‘yardi. Hammaga meni administratorim derdilar. Bir-ikkita rejissyorlar pullarini bermagan vaqtlarida ‘mana administratorim, yaqinda ko‘zi yoriydi, pulimni beringlar’, derdilar.

Haqiqatan, juda xokisor ayol edilar. Birovni yuziga tik qaramas, birovni dilini og‘ritmas edilar. Hamma dardlari shu o‘zlarining xonalarida qolib ketardi.

Ular yangi rol olsalar bayram bo‘lib ketardi. Bir kuni ‘Zohi, keling oldimga’, dedilar. Zohi dedilarmi, demak, bir yaxshi gap bo‘lar edi. ‘Bugundan boshlab eringizdan ham, bolalaringizdan ham dam olib, menga xizmat qilasiz’, dedilar. ‘Mana Turg‘un Azizov menga ‘O‘zbekcha raqs’ spektaklini berdilar, siz o‘tirib menga obraz topasiz’, dedilar. Men ularga doim partnyor bo‘lardim. Dam rais buva, dam Mariyam kelin bo‘lib rollarini ijro etardik. Xullas, qaynonam bilan munosabatimiz juda yaxshi edi.

Xo‘jayinim bilan o‘rtamizda sal bir mashmashalar chiqib qoldi, endi bu oilaviy gap-so‘zlar. 24- yanvar kuni tunda qaynonam eshikni taqillatdilar. Ular eshikni taqillatsalar qo‘rqib ketaman, chunki qon bosimlari bor. Chiqsam, yig‘laganlar, qo‘rqib ketib ‘oyijon tinchlikmi nima bo‘ldi?’, dedim. Qo‘llarida Qur’on kitobi, ‘Bolam, bir necha kundan buyon ko‘nglim juda g‘ash, Qur’on kitobini oling-da qasam iching, men bu hayotda bormanmi, yo‘qmanmi hech qachon o‘g‘limni tashlab ketmaysiz, shunday deb qasam iching‘, dedilar. Orangizdan olamushuk o‘tganini sezib yuribman dedilar. ‘Erkak kishining bitta aynib oladigan vaqti bo‘ladi, aynigan vaqtida ham tashlab ketmang, sizni Allohga, o‘g‘limni sizga omonat qilib tashlayman’, dedilar. Keyin ‘nima bo‘lgan taqdirda ham, oilamni tashlamayman deb qasam ichdim, bag‘rilariga bosib yig‘ladilar. Xullas, erim bilan ma’lum bir sabablarga ko‘ra ajrashdik
", - deydi Zohira Ikromova, Dilbar Ikromovaning kelini.

Zohira Ikromova suhbat davomida hozir yashayotgan 3 xonali uyini Dilbar Ikromova uch nabirasi ko‘chada qolmasligi uchun kelini va nabiralariga berib, uch yil oldin chiqib ketganligi, bu uydan tashqari Dilbar Ikromovaning Do‘rmonda hovlisi hamda 2 xonali boshqa bir uyi borligini ma’lum qildi.

- "Odamlar ‘Dilbar Ikromova davlatdan uy so‘rab yuribdi’, deyishmoqda. Bunga ham oydinlik kiritmoqchiman. Ular men uchun Sergeli tumanidan bir xonali uy so‘raganlar. Shu yerda ham qaynonam meni o‘ylaganlar.

Uch yildan buyon alohida yashardik. ‘Dilbar Ikromova umrining oxirida xor-u zorlikda yashadi, uysiz yashadi’, degan gaplar asossiz. Shu xonadonga tushganimdan buyon yetar-yetoshmovchilik ko‘rmaganman. Qaynonam hamisha muzlatkichni to‘ldirib qo‘yardilar. Erim ham juda nufuzli joyda ishlardi.

Qaynonam haqiqatdan ham jannati ayol edilar. Hayotlarini san’atga, farzandlariga baxshida qilgan, ismlariga monand dilbar ayol edilar. Muxlislaridan iltimos qilib so‘rardim, bu gaplarga chek qo‘yishsa, ruhlarini chirqiratishmasa, deyman. Allohga shukr, juda yaxshi yashadilar, hech muhtojlik ko‘rmadilar, qandaydir ikir-chikirlar bo‘lgandir, ammo ko‘chada qolgan, degan gaplar noto‘g‘ri.

Muxlislardan ularni tashvishga solganim uchun ming bor uzr so‘rayman, shuncha gap-so‘zlar bo‘lib ketgani uchun kechirim ham so‘rayman. Faqat ulardan vaziyatni to‘g‘ri talqin qilishlarini so‘rab qolaman
", - deydi Zohira Ikromova, Dilbar Ikromovaning kelini.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Dilbar Ikromovaning kelini qaynonasi ko‘chada qolib, xor-u zor bo‘lgani haqidagi gap-so‘zlarga munosabat bildirdi (video)