21:45 / 18.09.2020
3 224

«Men virusdan kuch oldim»

«Men virusdan kuch oldim»
Insoniyat boshiga kelgan pandemiyani yomonlayverib charchadik. To‘g‘ri, yomonni yomon deyish kerak. U ko‘p azoblarga, ayriliqliklarga, sinovlarga duchor qildi bizni. Yaqin yuz yilliklar ichida bashariyat ko‘rmagan og‘ir kunlarni boshdan kechirdik. Bu esa, zamondoshim, siz bilan bizning chekimizga tushdi.

Tarixga nazar solsak, bobolarimiz mustabid tuzumga, otalarimiz Ikkinchi jahon urushida, mana biz esa ko‘zga ko‘rinmas hiylagar virus mahorabasida kurash olib bordik. Qiziq, ro‘baro‘yingda dushmaning turmasa, uning ko‘ziga qarab, kuchi va zaif tomonini his qilmay turib jang qilmoq oson ish emas ekan. U sening o‘nging yoki so‘lingdan keladimi, osmondan tushadimi, yerdan chiqadimi, bilmay qolarkansan. Faqat yoningda turganlar yiqilgandagina ko‘rasan. Eng alam qilarli joyi esa, o‘sha azizlaringga hech qanday yordam qilolmaysan, davo topolmaysan. Hatto tobutini yelkangda olib, ehtirom bilan so‘nggi manziliga qo‘ya olmaysan. Ota o‘g‘lidan, ona qizidan, aka singlisidan bexabar, suv tutolmaydi, boshini silolmaydi... Ha, har kim yakka-yakka o‘lim bilan olishdi. Yolg‘iz, benavo, bedavo kunlarni boshdan kechirdik...

Bir vaqtlar Qo‘qon teraklari, ya’ni yog‘ochlari boshqa joylarnikiga nisbatan qimmatroq turishini eshitgan edim. Nega deb so‘raganimda, u yerning teraklari baquvvat bo‘ladi, chunki ular tinimsiz esgan shamolda niholligidanoq chiniqadi deyishgan edi. Biz ham bugun huddi Qo‘qon teraklaridek kuchli bo‘ldik. Tanimiz mayishsa-da, tiklandik, pishdik. Egildik, bukildik, sinmadik...

Virus bizga ko‘p narsalarni o‘rgatdi. Odamning umri oldida ya’ni, sog‘lig‘i va xotirjamligi oldida hamma narsa o‘tkinchi, bema’no ekanligini, biz gerdayib mingan moshinalar oddiy temir, kiyimlarimiz oddiy matoh, taqinchoqlarimiz tosh, pullarimiz qog‘oz ekanligini ko‘zimizga ko‘rsatib qo‘ydi! Ongu shuurimizga singdirib qo‘ydi. Ularning o‘rniga mehr, muhabbat, insof, diyonat degan bebaho ne’matlarni qanchalar zarur ekanligini anglatib qo‘ydi!

Men ham koronavirus bilan kasallandim. Shunda bildimki, Ollohning bergan bepul, beg‘araz, be’tama havosi naqadar ulug‘ mukofot ekan...

Odamlarni sog‘indim. To‘yu tomoshalarimizni, gap-gashtaklarimizni, sayru sayohatlarimizni sog‘indim. Malol kelib boradigan yig‘inlarni, charchab qaytadigan tadbirlarni, ko‘chani sog‘indim. Simyog‘ochlaru panjaralarni, svetaforu ko‘priklarni sog‘indim. Ketdik, falon soatda, falon joyda ko‘rishamiz deyishlarimizni, falon kuni biznikiga keling yoki siznikiga boraman deyishlarni sog‘indim. Niqoblarsiz, qo‘lqoplarsiz, do‘kon aylanishlarni sog‘indim. Va ayniqsa, jigarlarimni, farzandlarimni, yaqinlarimni, kasbdoshlarimni, azizlarimni bag‘rimga bosishni sog‘indim, sog‘indim...

Mana, endi aytingchi, shuncha sog‘inch odamni kim qiladi? Isyonkor qiladi! Yetmish ikki tomirim g‘ayratga, shijoatga, muhabbatga to‘ldi. Endi men boshqa odam bo‘ldim. Odamlarga, olamga mehrim ko‘zlarimdan toshib ketdi. Men endi hammani sevadigan bo‘lib qoldim. Men endi dardkashroq, dilkashroq, e’tiborliroq, xushyorroq bo‘ldim. Men virusdan kuch oldim!

Farida Bo‘tayeva,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, shoira.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Men virusdan kuch oldim»