Elektromobillarning «oʻlik» akkumulyatorlarini tiklovchi suyuqlik topildi

Elektromobillarning «oʻlik» akkumulyatorlarini tiklovchi suyuqlik topildi

Kornell universiteti tadqiqotchilari litiy-ionli akkumulyatorlarni qayta ishlashning yangi texnologiyasini taqdim etishdi. Bu usul batareyalarni murakkab va qimmat jarayonlarsiz qayta tiklash imkonini beradi. Olimlar batareyalarni kukun holatiga keltirish yoki materiallarni eritish oʻrniga, mavjud elektrodlarni tozalash va ulardan qayta foydalanishni taklif qilmoqdalar. Ushbu ishlanma DEER (Direct Electrode-to-Electrode Regeneration) nomini oldi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Hozirgi vaqtda ishlatilgan akkumulyatorlarning aksariyati ikki usulda qayta ishlanadi: yuqori haroratda eritiladi yoki «qora massa» deb ataladigan kukun holatiga keltirilib, undan kimyoviy yoʻl bilan qimmatbaho metallar ajratib olinadi. Har ikkala jarayon ham katta miqdorda energiya, suv va reagentlarni talab qiladi. Yangi yondashuv esa batareyaning asosiy qismlarini parchalamasdan ish koʻrishga imkon beradi.

Tadqiqot mualliflarining soʻzlariga koʻra, akkumulyatorlar degradatsiyasining asosiy sababi elektrodlarning buzilishi emas, balki ularning yuzasida nojoʻya kimyoviy birikmalar qatlamining hosil boʻlishidir. Bu qatlam litiy ionlarining harakatiga toʻsqinlik qiladi, natijada batareya sigʻimi pasayadi. DEER texnologiyasi elektrodlarni maxsus DMI (1,3-dimetil-2-imidazolidinon) moddasi asosidagi eritmada tozalashni koʻzda tutadi.

Laboratoriya sinovlarida olimlar batareyalarning dastlabki sigʻimini 95 foizgacha tiklashga muvaffaq boʻlishdi. Iqtisodiy modellashtirish shuni koʻrsatdiki, yangi usul anʼanaviy qayta ishlashga qaraganda akkumulyatorlar ishlab chiqarish tannarxini taxminan 56 foizga kamaytirishi mumkin. Shuningdek, ushbu texnologiya energiya va suv sarfini hamda zararli chiqindilar miqdorini sezilarli darajada qisqartiradi.

Ishlab chiquvchilarning fikricha, ushbu metod elektromobillar bozori va energiyani saqlash tizimlari oʻsayotgan bir paytda juda dolzarb boʻladi. Hozirda texnologiya oʻz sigʻimining 70–80 foizini saqlab qolgan batareyalarda muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazildi. Navbatdagi bosqich jarayonni sanoat miqyosiga olib chiqish va yanada murakkab degradatsiya holatlari ustida ishlashdan iborat boʻladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar